O‘zbekiston | 14:29 / 25.08.2022
12117
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimiyat organlarining shaharsozlik obektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati to‘xtatiladi

Shaharsozlik faoliyati sohasidagi ma’muriy tartib-taomillar takomillashtirilishi munosabati bilan Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartishlar kiritiladi.

Foto: Kun.uz

Qaror loyihasida aytilishicha, E-qaror tizimi monitoringi natijalariga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aksariyat hollarda qurilish sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarga zid ravishda qarorlar qabul qilinayotgani ma’lum bo‘lgan.

Hokimliklar tomonidan E-qaror tizimi orqali 558 ta holatda qonunchilikka nomuvofiq ravishda qurilishga ruxsat berish, rekonstruksiya qilish, vaqtinchalik bino-inshootlar qurishga ruxsat berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.

Bundan tashqari, ayrim hollarda qurilish ruxsat berish haqidagi qarorlar bilan qonunchilikka nomuvofiq tarzda yer uchastkalari ajratilishiga yo‘l qo‘yilyapti.

Shaharsozlik kodeksi 21- va 22-moddalariga asosan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati obektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish hamda shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida aholini muntazam ravishda xabardor qilish vakolatlarini chiqarib tashlash taklif etilmoqda.

Bildirilishicha, loyiha qurilish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi mavjud muammolarni hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid