Sog‘liqni saqlash vazirligi poytaxtda boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida shahar aholisi uchun tibbiy ko‘rik va sayyor qabullar tashkil etilayotgani haqida ma’lumot berdi.

«Bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasi oldiga butunlay yangi talab va vazifalar qo‘yilmoqda. Eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatni «mahallagacha tushirish», ular tarmog‘ini yanada kengaytirish, tizimni odamlarga yanada yaqinlashtirish, bu orqali fuqarolarning sog‘liqni saqlash yo‘nalishidan roziligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilyapti.

Jumladan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirilmoqda. Yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami yanada kengaydi. Har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etilib, aholi 120 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlanmoqda.

Qolaversa, mahallalarda yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan aholi maqsadli skriningdan o‘tkazilyapti. Bularning barchasi o‘z navbatida aholini tibbiyot muassasalariga emas, aksincha sog‘liqni saqlash sohasi vakillarini xalqqa yanada yaqinlashtiryapti.

Tibbiyot tizimidagi ushbu ijobiy o‘zgarishlar nafaqat yurtimizning olis va chekka hududlarida yashovchi aholini, balki poytaxtimizda istiqomat qilayotgan millionlab yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, Toshkent shahridagi mavjud 12 ta tumanda yashovchi fuqarolarni yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat bilan qamrab olish, xususan, ehtiyojmand bemorlarni davlat hisobidan bepul davolash, uyma uy yurish orqali og‘ir bemorlar holidan xabar olish maqsadida olib borilayotgan ishlar ko‘lami keng. Biroq sohada yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas.

Qayd etish kerak, bugungi kunda Toshkent shaharida istiqomat qilayotgan 2 million 860 mingdan ziyod aholiga 211 ta tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatadi. Shundan 167 tasini Toshkent shahar cog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi, qolgan 44 tasini esa respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va klinik shifoxonalari tashkil etadi. Qolaversa, 70 ta oilaviy poliklinika, 1 ta talabalar, 12 ta markaziy ko‘p tarmoqli, 7 ta bolalar va 3 ta kattalar stomatologiya poliklinikasi bo‘lib, 1 ta tuman, 38 ta shahar shifoxonasi hamda 5 ta bolalar klinik tibbiyot muassasasida shahar aholisi salomatligi muhofaza qilinmoqda.