Yengil avtomobilda yo‘lovchi tashuvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi

Prezident qaroriga binoan yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni YaIDXP orqali elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, fuqarolar va yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar o‘rtasida tuziladigan transport vositasi ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi hamda ularni davlat soliq xizmati organlari axborot tizimlari orqali elektron tarzda hisobga olish tizimi joriy etiladi.

Xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi

Prezident farmoni bilan budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi. Bunda mazkur yuridik shaxslarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash majburiyatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘langan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.

“10 yoshga to‘lmagan” avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etilmaydi

Prezident qaroriga binoan:

a) ishlab chiqarilganiga o‘n yilgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;

b) yengil avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishning quyidagi muddatlari belgilanadi:

  • ishlab chiqarilganiga 11 yildan 14 yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — 2 yilda 1 marta;
  • ishlab chiqarilganiga 15 yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari — 1 yilda 1 marta.