O‘zbekiston | 07:24 / 27.08.2022
1183
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros obektlariga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

26 avgust kuni Senat Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat navbatdagi yalpi majlisi doirasida ko‘rib chiqiladigan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Foto: Senat.uz

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 64-1-modda bilan to‘ldirilib, moddiy madaniy meros obektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish, moddiy madaniy meros obektlariga yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish, moddiy madaniy meros obektlarini, ular tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, moddiy madaniy meros obektlariga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etganlik ma’muriy huquqbuzarlik sifatida qayd etilib, javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksi 168-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, axborot tizimidan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Majlisda “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Qonun bilan yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida xalqaro elektron raqamli imzodan hamda O‘zbekiston norezidentlariga elektron raqamli imzodan foydalanishga ruxsat etilmoqda.

Senatorlar, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi hamda qonun tashabbuskorlari bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalardan so‘ng qo‘mita tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid

E`lonlar