16:34 / 02.09.2022
4557

Ukraina bosh vaziri rossiyaliklar uchun turistik vizalarni taqiqlashga chaqirdi

Yevropa ittifoqi Rossiya jamiyati ustiga «sovuq suv quyib yuborishi kerak», dedi Denis Shmigal Germaniyaga tashrifi oldidan.

Foto: AP

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Yevropa ittifoqini Rossiya fuqarolariga turistik va talabalik vizalarini berishga taqiq joriy etishga chaqirdi. «Rossiya jamiyati uchun sayyohlar va talabalarga viza berishni taqiqlash shaklida sovuq suv quyib yuborishni tashkil qilish kerak», dedi u 2 sentabr, juma kuni dpa agentligiga Germaniyaga tashrifi arafasida bergan intervyusida.

Shmigal qayd etishicha, rossiyaliklarning qariyb 80 foizi Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlaydi. «Afsuski, bu faqatgina Putinning urushi emas. 200 ming rus askari Ukrainaga qarshi jang qilmoqda. Ularning oilalari ham qarshi emas, butun aholi bu urushni qo‘llab-quvvatlamoqda», - deydi siyosatchi. 

Shmigalning fikricha, ruslarni «yaxshi va yomon»ga bo‘lish mumkin emas. Biroq, ba’zi Rossiya fuqarolarining «G‘arbda yaxshi yashashi, ta’tilga borib kelishi, shirin hayot kechirishi»ni u «chidab bo‘lmas» deb atadi. 

Shmigal 3 sentabr kuni Berlinga keladi, ertasi kuni esa Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashadi. Shu tariqa, u Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Berlinga tashrif buyuradigan eng yuqori martabali ukrainalik siyosatchiga aylanadi.

Avgust oyi boshida Yevropa ittifoqi Kiyevga yangi makromoliyaviy yordam paketidan 1 milliard yevro o‘tkazdi. 1 avgust kuni Denis Shmigal Ukraina ushbu paketdan dastlabki 500 million yevro olganini e’lon qilib, 2 avgustda yana 500 million yevro olinishini ta’kidladi. Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘lar Kiyevning «birinchi navbatdagi budjet ehtiyojlarini moliyalashtirishga» yordam beradi

Bundan tashqari, Ukraina hukumati rahbari Germaniyadan yana moliyaviy yordam olishdan umidvor. «Shuningdek, kansler Shols Xalqaro valuta jamg‘armasi va Yevrokomissiya orqali keyingi yordam ko‘rsatishda yetakchi rol o‘ynashini kutamiz. Xalqaro yordamsiz Ukraina iqtisodiyoti giperinflatsiya xavfi ostida», - dedi Shmigal. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top