«Hot-dog, lavash, gamburger, «xrustyashki», chips, energetik va gazli ichimliklar. Bu bugungi kun bolalari va hatto yoshlari sevib iste’mol qiladigan mahsulotlarning kichik bir ro‘yxati. Biroq ushbu yegulik va ichimliklar salomatlik uchun ziyon. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ularni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. Qolaversa, bu turdagi mahsulotlar yurtimizdagi umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat va taomlar ro‘yxatiga kiritilgan», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida. 

Jumladan, «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari»ga ko‘ra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

  • Go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va hot-doglar);
  • Sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari;
  • Sun’iy konservantlari bo‘lgan «kiriyeshki», «xrustyashki» va chipslar;
  • Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;
  • Veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, parrandalar, jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-poychalar;
  • Tashqi qavati toza bo‘lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar.
  • Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o‘zgargan, yorlig‘i bo‘lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan konservalar;
  • Turli aralashmalar bilan yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar.
  • Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar).
  • Xolodets, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog‘idan tayyorlangan hamda kalla go‘shti ruletlari, o‘pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;
  • Pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qo‘lbola qatiq, epizootik noxush xo‘jaliklardan olingan, shuningdek, dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol bo‘lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;
  • Qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;
  • Kvas;
  • Xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, kaynatilgan kolbasa;