Jahon | 13:14 / 08.09.2022
7564
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden saylovlarga aralashish tahdidi bo‘yicha favqulodda holat rejimini uzaytirdi

Saylovlar infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishga urinishlar, shuningdek, tashviqot tarqatish AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkin, deya ma’lum qildi Oq uy.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden saylovlarga chet el aralashuvi tahdidi yoki aholining saylovlarga ishonchini susaytirishi sababli joriy etilgan milliy favqulodda holat rejimini bir yilga uzaytirdi. Bu haqda 7 sentabr, chorshanba kuni Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlardan tashqarida «asosan yoki katta qismi» bo‘lgan shaxslarning ovoz berishga xalaqit qilishi, shu jumladan «saylov va saylovoldi tashviqoti infratuzilmasiga ruxsatsiz kirishi yoki tashviqot va dezinformatsiyani yashirin tarqatishi» AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga favqulodda xavf tug‘dirishda davom etmoqda, deyiladi Oq uy ma’lumotida.

Vashingtonga ko‘ra, biron bir xorijiy kuch ovozlarni sanab chiqish yakunlari yoki natijalarini o‘zgartirgani haqida hech qanday dalil yo‘q bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda raqamli va internet aloqalarining tarqalishi xorijiy aralashuv tahdidining ko‘lami hamda intensivligini oshirdi. 

Avvalroq Vashingtonda Rossiya tomoni AQShdagi saylov jarayoniga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblangan edi. Moskva bu kabi ayblovlarni doimo rad etib keladi. 

Dastlab 2018 yil 12 sentabrda kiritilgan favqulodda holat rejimi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi bildirishnoma Federal registrda e’lon qilinadi va AQSh Kongressiga taqdim etiladi. AQShda oraliq saylovlar 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid