Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mojaro davlatlar prezidentlari o‘t ochishni to‘xtatish, kuch va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib olganidan keyin davom ettirildi.
Juma kuni kechqurun Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi qurbonlar soni 24 kishini tashkil etayotgani haqida xabar berdi.
«Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Botken oblastidagi sog‘liqni saqlash muassasalariga 24 kishining jasadi keltirilgan», deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida shifoxonalarga 87 nafar jabrlanuvchi olib kelingan, ular asosan snaryad parchalaridan va o‘qotar qurollardan jarohat olgan. Respublika FVV xabar berishicha, mojaro hududidan 136 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.

Mamlakat prezidenti matbuot xizmati Sadir Japarov ShHT sammitidan qaytgani va chegaradagi vaziyatni hal qilish uchun hukumat yig‘ilishini chaqirganini xabar qilgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati 16 sentabr kuni kechqurun chegaradagi vaziyat keskinligicha qolayotgani, Tojikiston Qirg‘iziston pozitsiyalarini o‘qqa tutish davom etayotgani, ayrim hududlarda shiddatli janglar bo‘lib o‘tayotganini xabar qildi.
«Soat 22:20da tojikistonlik harbiy xizmatchilar Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Tamdiq chegara postini o‘qqa tuta boshladi. Tojikiston hududiga qo‘shimcha kuch va vositalar, og‘ir va avtomobil texnikasi olib kelinayotgani qayd etilgan», — deyiladi xabarda.
O‘z navbatida Tojikiston tomoni ikki davlat rahbarlari kelishuviga qaramay qirg‘iz harbiylari Tojikiston hududini o‘qqa tutishni boshlaganini xabar qilgan.
Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmati Qirg‘iziston tomoni Tojikistondagi fuqarolik obektlariga hujum qilish uchun harbiy vertolyotlar va zarbdor dronlardan foydalayotganini ma’lum qilgan.
Tojikiston hozircha chegaradagi mojaroda qurbonlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan 7 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan.
Voqealar tarixi












