Bishkek tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha ish ochdi
Bishkek Qirg‘izistonga bostirib kirgan tojik harbiylari orasida xorijlik yollanma askarlar bo‘lgani, Dushanbe mojaroga oldindan tayyorgarlik ko‘rganini da’vo qilmoqda.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Tojikiston bilan chegaradagi qurolli mojarodan keyin jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 19 sentabr, dushanba kuni IIVning Bishkekdagi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining tinchlikka qarshi jinoyat moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Botken viloyatida Tojikiston tomonidan hujumga sabab bo‘lgan holatlarni har tomonlama va chuqur o‘rganish bo‘yicha idoralararo tergov guruhi tuzildi. Guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, harbiy prokuratura, mahalliy hokimliklar, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari vakillari kiradi. Tuzilgan guruh jabrlangan qishloqlarni ko‘zdan kechirmoqda», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, idora xabar berishicha, ayni paytda ikki davlat Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat qo‘shma patrullar tomonidan chegara hududidagi aholi o‘rtasida huquq-tartibotni muhofaza qilish va saqlash bo‘yicha kecha-yu kunduz tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘z navbatida, Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imonqulov Tojikiston bilan olib borilgan jangovar harakatlar natijasida 40 nafar qirg‘izistonlik harbiy halok bo‘lgani, yana 70 nafari yaralanganini aytdi. U Tojikiston tomonini 14 sentabrda boshlangan mojaroga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi. «Ular oldindan xandaq qazishni boshlagan, agressiyaga tayyorgarlikning barcha belgilari bor edi», dedi u.
Imonqulov, shuningdek, mojaroda ishtirok etgan tojik harbiylari orasida xalqaro terrorchi tashkilotlar vakillari va xorijlik yollanma askarlar ham bo‘lganini da’vo qilmoqda. «Hududimizga bostirib kirgan tojik qurolli kuchlari tomonida fuqaro kiyimida, qo‘llarida qurol-yarog‘ bo‘lgan, turli yo‘nalishlarda ham uylarga, ham tinch aholiga o‘q uzgan odamlar bor edi», dedi u. Xavfsizlik kengashi kotibiga ko‘ra, bu shaxslardan biri Afg‘oniston fuqarosi ekani aniqlangan.
Ayni paytda, 19 sentabr Qirg‘izistonda milliy motam kuni deb e’lon qilingan. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov Bishkek chegaradagi kelishmovchiliklarni diplomatik usullar bilan hal etishda davom etishini aytdi. «Tojikiston bilan chegaradosh hududlar ko‘rsatilmagan va muammo tug‘dirmoqda. Biz qirg‘iz-tojik chegarasidagi kelishmovchiliklarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilish uchun harakat qilishda davom etamiz», - dedi Japarov.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentabr kuni Botken tumanidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishdi, biroq kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Qirg‘iziston hukumati Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani olib kelganlik va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda «barcha mavjud arsenaldan» foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken tumanida favqulodda holat rejimi joriy qilingani haqida ma’lumot berdi. Ayni paytda, Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini «og‘ir qurollardan» o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.
Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli obektlarda belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar kelib chiqyapti. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.
Mavzuga oid
21:34 / 05.11.2024
Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi
19:40 / 05.11.2024
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 3 ta chegara bojxona postlarida transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:12 / 05.11.2024