Jahon | 13:25 / 19.09.2022
12630
4 daqiqa o‘qiladi

Londonda qirolicha Yelizaveta II bilan ommaviy vidolashuv marosimi yakunlandi

Qirolicha bilan bir necha kun davom etgan xayrlashuvdan so‘ng, Yelizaveta jasadi bo‘lgan tobut Vestminster abbatligiga yetkaziladi, u yerda 2000 dan ortiq yuqori martabali shaxslar ishtirokida diniy marosim o‘tkaziladi.

Foto: AP

Londonda salkam ikki hafta oldin 97 yoshida vafot etgan qirolicha Yelizaveta II bilan bir necha kun davom etgan ommaviy vidolashuv marosimi yakunlandi. 19 sentabr, dushanba kuni ertalab Vestminster zalida so‘nggi tashrif buyuruvchilar qirolichaga hurmat bajo keltirishdi.

Shundan so‘ng uning tobuti Vestminster abbatligiga olib ketiladi, u yerda qirollik oilasi a’zolari, Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass va undan oldingi bir qancha rahbarlar, shuningdek, xorijiy mamlakatlar qirollik oilalari a’zolari, yuzlab yuqori martabali hukumat amaldorlari ishtirokida davlat motam marosimi bo‘lib o‘tadi. Yelizaveta II’ning davlat dafn marosimida jami 2000 dan ortiq kishi ishtirok etadi, jumladan Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer va AQSh prezidenti Jo Bayden. Rasmiy tadbirlarga Rossiya va Belarus rasmiylari taklif qilinmadi. 

York sobiq arxiyepiskopi Jon Sentamu BBC’ga bergan intervyusida qirolicha rasmiy vidolashuv marosimi «zerikarli bo‘lmasligini» va qalblarga yetib borishini istaganini aytdi. Ma’lumki, dafn marosimi yakunida Yelizavetaning xohishiga ko‘ra uning shaxsiy volinka chaluvchisi Pol Berns chiqish qiladi. U sobordan tobut olib chiqib ketilayotganda «Sleep, Dearie, Sleep» motam qo‘shig‘ini ijro etadi. Marosim yakunida qirolichaning jasadi bo‘lgan tobut London orqali Vindzorga yetkaziladi va kechqurun u yerda dafn etiladi. 

Yelizaveta II’ning davlat darajasidagi dafn marosimi Buyuk Britaniyada sobiq bosh vazir Uinston Cherchillning 1965 yilda vafotidan keyin birinchi marta o‘tkaziladigan bunday tadbir bo‘ladi. Ular qat’iy xavfsizlik choralari ostida o‘tkazilmoqda. Qirolichaning dafn marosimi kuni Buyuk Britaniyada dam olish kuni deb e’lon qilindi. Germaniyada ham shu kuni davlat bayroqlarini yarmiga tushirishga qaror qilindi, bu haqda Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Nensi Fezer tegishli buyruq chiqardi. 

So‘nggi bir necha kun ichida Vestminster saroyiga qirolicha bilan xayrlashish uchun kelgan va ko‘p kilometrlik navbatda turishga majbur bo‘lgan yuz minglab odamlar keldi, ba’zi hollarda kutish vaqti bir kundan oshib ketdi. 18 sentabr kuni kechki paytdan boshlab odamlarga navbatda turishga ruxsat berilmadi. 

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentabr kuni Shotlandiyaning Balmoralida vafot etdi. Bir necha oy oldin uning Birlashga Qirollik taxtiga o‘tirganining 70 yilligi nishonlandi. Yelizaveta II bunday uzoq vaqt davomida hukmronlik qilgan birinchi Britaniya monarxi bo‘ldi. U 1952 yil 6 fevralda otasi qirol Georg VI vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgan. 

Sobiq shahzoda Charlz Buyuk Britaniyaning yangi qiroliga aylandi. U 73 yoshida Charlz III nomi bilan taxtga o‘tirdi. U Britaniya tarixida eng uzoq vaqt davomida Uels shahzodasi va taxt vorisi bo‘lib qoldi.

Mavzuga oid