Muammoning boshlanishi

Bu mojaro obekti bo‘lib turgan xususiy shifoxona binosi Toshkent shahrida joylashgan va anchagina yirik — 2,3 ming kv/m maydonga ega. Bino “Denta-Servis” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lib, bu korxona 1993 yilda Xo‘jayev Kamol Nizomovich tomonidan ta’sis etilgan. Qizig‘i, qariyb 30 yildirki uning rahbari ham, ta’sischisi ham o‘zgarmagan hamda bu fakt barcha davlat ro‘yxatlarida qayd etib kelingan.

2020-2021-yillarda korxona ta’sischisi tomonidan Chilonzor tumani “Charx-Kamolon” MFY, Novza ko‘chasi 16-uyda joylashgan, 2,3 ming kv/m maydonga ega shifoxona sotuvga qo‘yiladi. Xaridorlar chiqa boshlaydi, vositachi maklerlar o‘z xizmatlarini taklif etib kelishadi. Ulardan biri xaridorlarga ko‘rsatish vaji bilan binoga va tashkilotga tegishli hujjatlardan nusxa ko‘chirib oladi. Ko‘ngildagi narxda xaridor chiqmagani, zarur mablag‘ boshqa manbalardan topilgani sabab bino sotilmaydigan bo‘ladi.

Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tib, 2022 yilning 5 iyulida Xalq banki Jizzax filiali tomonidan korxona nomiga talabnoma kelib tushadi va bu xabar mulk egalariga saratonda urilgan yashindek ta’sir qiladi. Unga ko‘ra, Xalq bankidan qariyb 700 ming dollar kredit olish uchun korxonaga tegishli xususiy shifoxona binosi garovga qo‘yilgani, qarz to‘lanmayotgani uchun undiruv bu mulkka qaratilayotgani nazarda tutilgandi.

Hazil emas, chin!

Dastlab korxona rahbariyati bu talabnomani anglashilmovchilik deya qabul qiladi. Ammo rasmiy xatning tagiga yetish uchun Jizzaxga yo‘l olishadi. Xalq banki mahalliy filialida ularni battar hayratga solishadi va binoni garovga qo‘yib, kredit olinganiga oid papka taqdim etishadi. N 110 raqamli kredit shartnomasining qisqa mazmuni shunda ediki, “Ayzenburg Ekspert” MChJ bankdan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida 700 ming dollar kredit so‘ragan, “Yagona Sof Kapital” MChJ nomli yana bir korxona kafil bo‘lib ishtirok etgan va garov sifatida “Denta-Servis” xususiy korxonasiga tegishli bino qo‘yilgani qayd etilgan edi. Bunday bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi savollarga javoban esa uch tomonlama, jumladan “Denta-Servis” korxonasi rahbari ishtirokida imzolangan, notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasini ham taqdim etishadi. Xalq banki bu shartnomaga asosan 700 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratgan va dastlabki transh sifatida 490 ming AQSh dollarini “Ayzenburg Ekspert” MChJga o‘tkazib bergani, ammo kreditni so‘ndirish belgilangan muddatlarda amalga oshmay, qarzdorlik foizlari bilan deyarli 500 ming dollarga yetgani ma’lum bo‘ladi.

Notariusga savollar

Eng qiziq nuqta aslida shu yerda. Chunki kreditga umuman aloqasi bo‘lmagan tashkilotning bu ishga aralashuviga va unga tegishli binoning garovga berib yuborilishiga huquqiy acoc aynan mana shu yerda yaratilgan. Ya’ni bankka taqdim etilgan ipoteka shartnomasi qalbaki emas, rasman tasdiqlangan bo‘lgan. Xullas Jizzax shahri Hamroqulov ko‘chasi 1-uyda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Akmal Boymatov tomonidan 2021 yil 27 may kuni uch tomonlama kelishuv asosida ipoteka shartnomasi imzolanib, notarial tasdiqlanadi. Unga ko‘ra “Ayzenburg Ekspert” MChJga bank 2021 yil 27 may kuni imzolangan (!) N 110 raqamli kredit shartnomasi asosida 700 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratadi.