Donetsk va Luhanksdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarning «xalq kengashlari», shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismlarida Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyatlar bir vaqtning o‘zida Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha «referendum»lar o‘tkazishga qaror qildi - ovoz berish jarayoni 23-27 sentabr kunlariga belgilandi. Bunday «referendum»lar o‘tkazilishi anchadan buyon kutilayotgandi, ammo bu haqda faqat hozirga kelib, Ukraina qurolli kuchlari bosib olingan hududlarni ozod qilish uchun qarshi hujumga o‘tgan vaqtda e’lon qilinmoqda. Ekspertlar buni Rossiyaning Ukraina va G‘arbga qo‘ygan ultimatumi deb hisoblamoqda.

«Xalq kengashi 23 sentabrdan 27 sentabrgacha bo‘lgan kunlarni [«LXR»da] referendumda ovoz berish kunlari sifatida belgilash to‘g‘risida qaror qiladi», degan kengash raisi Denis Miroshnichenko seshanba kungi yig‘ilishda. Xuddi shu vaqtda «DXR» «xalq kengashi» ham shoshilinch yig‘ilishda shu kunlarni ovoz berish o‘tkaziladigan kunlar sifatida belgiladi. Keyinroq Xerson va Zaporijjya oblastlarining rossiyaparast ma’muriyatlari shu kunlarda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida e’lon qildi.

Shundan keyin «DXR» rahbari Denis Pushilin Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «referendum yakunlari bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, «DXR»ning Rossiyaga qo‘shib olinishi masalasini imkon qadar tezroq hal etish»ni so‘radi. Putin hozircha bunga reaksiya qilmadi. Ukrainaga bosqin boshlanishidan uch kun oldin «LXR» va «DXR» rahbarlari Putindan respublikalarni tan olishni so‘rab murojaat qilgandi. Putin ularning iltimosini qondirgan va urush boshlangandi.

«Referendum»lar haqidagi xabarlar ortidan Mosbirja indeksi geosiyosiy tahdidlar oshgani tufayli avgust oyi oxiridan buyon ilk bor  2200 punktdan quyiga quladi (10 foizdan ko‘proqqa).

«Sinxronlik zarurati»

Darko Vojinovic / AP / Scanpix / LETA

Donbassdagi «respublika»lar yozdayoq «referendum»lar o‘tkazish niyatini ma’lum qilgandi, OAVda esa 11 sentabr sanasi keltirildi - shu kuni Rossiyada yagona ovoz berish kuni edi. Keyinroq rossiyalik harbiylar bosib olingan hududlarni kengaytira olmasligi ma’lum bo‘ldi va 6 sentabr kuni ukrain armiyasi bosib olingan hududlardan biri - Xarkiv oblastida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi.

Zudlik bilan «referendum»lar o‘tkazish zarurligi haqidagi navbatdagi bayonotlar to‘lqini bir kun oldin boshlandi. Ular «LXR» va «DXR» jamoat palatalari murojaati sifatida rasmiylashtirildi. Dastlab Luhanskda, bir soat o‘tib Donetskda hududni Rossiya sub’yekti sifatida tan olish uchun zudlik bilan referendum o‘tkazish kerakligi talab qilindi.