
Rossiya prezidenti tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlik – Ikkinchi jahon urushi davridan buyon birinchisi. Putin o‘z chiqishida Moskva butun harbiy aslahalari, jumladan, yadro quroli bilan himoyalanishi haqida ogohlantirdi.
G‘arb bunga zudlik bilan munosabat bildirdi: Putinning qarori baholangan izohlarda «vahima» va «ojizlik» so‘zlari ko‘p ishlatildi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Putinning aholini safarbarlikka chaqirmaslik to‘g‘risidagi o‘z va’dasini buzishi uning bosqini muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganidan darak beradi, deb hisoblaydi.
«Putin va uning mudofaa vaziri yomon qurollangan va yomon tayyorlangan o‘n minglab fuqarolarini o‘limga yo‘lladi. Hech qanday tahdid va targ‘ibot Ukraina bu urushda g‘alaba qozonayotgani, xalqaro hamjamiyat birlashgani va Rossiya global quvg‘indiga aylanayotganini yashira olmaydi», - dedi Uolles.

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte safarbarlik buyrug‘i Kremldagi vahimaning alomati ekanligini, buni G‘arb bilan to‘laqonli urush tahdidi deb qabul qilmaslik kerakligini aytdi.
«Safarbarlik, Donbassda referendumlar o‘tkazishga chaqirish – bularning barchasi vahima alomati. Uning yadro quroli to‘g‘risidagi iddaosi – buni avval ham ko‘p marta eshitganmiz. Bularning bari bizga ma’lum iddaoning bir qismi. Xotirjamlikni saqlashni maslahat bergan bo‘lardim», - dedi u.
Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixail Podolyakning fikricha, Rossiya prezidentining harakatlari – o‘z muvaffaqiyatsizliklarini oqlashga urinish.
«Urush Rossiya ssenariysi bo‘yicha ketmayapti, bu Putindan safarbarlik to‘g‘risidagi oxirgi qarorni va odamlar huquqlarini keskin cheklashni talab qildi», - dedi Podolyak.










