«Uzbekistan Airports» OAJ bosh direktori Samarqand aeroportida joriy etilayotgan beshinchi erkinlik rejimi, mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirish masalasi, shuningdek Farg‘ona vodiysida qurilishi ko‘zda tutilayotgan yangi xalqaro aeroport masalasida so‘zlab berdi.

— Yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Sh.Mirziyoyev transport vazirligiga barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralariga Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish vazifasini topshirdi. Bu Samarqand aeroportiga alohida bir status berilganini anglatadimi?

— Samarqand aeroporti eng zamonaviy va yangi aeroport bo‘lib, O‘zbekiston markazidagi, turistlarni jalb qiluvchi qadimiy va durdona shaharda joylashgan. Bu yerda beshinchi erkinlik rejimi joriy etilmoqda. Bu turizmni rivojlantirish uchun juda muhim rejim hisoblanadi. U bizga nimalar beradi? Bu rejim asosida turli aviakompaniyalar turli davlatlardan turistlarni keltirishlari mumkin. Bunaqa rejimlar turizm qaynagan markazlar — Istanbul, Dubay kabi yirik turistik shaharlarda joriy qilingan. Unga ko‘ra bir mamlakatning aviakompaniyasi bir mamlakatdan turistlarni olib, ikkinchi mamlakatga uchib kelishi, bu yerdan uchinchi mamlakatga uchib ketishi mumkin.

Masalan, boya savol berishdi, samarqandlik turistlar Samarqand shahridan FlyDubai aviakompaniyasi samolyotlarida Saudiya Arabistoniga uchib borishlari mumkinmi, degan mazmunda. Bu aviakompaniya 70 dan ziyod shaharlarga parvoz qiladi, Samarqanddan bu shaharlarning istalganiga uchib borish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Shuningdek, o‘sha shaharlardagi turistlarni ham Samarqandga keltirish mumkin.

Shuning uchun Samarqand aeroportiga berilayotgan alohida status Samarqandning eng avvalo o‘zining mashhurligi va jozibador shahar ekanligi, ko‘p sonli turistlarni qabul qilishga tayyor ekanligi bilan izohlanadi. Biz butun infratuzilmani imkoniyatlarni oshirishga, aviakompaniyalar bu shaharga parvoz qilishiga, ko‘proq turist olib kelishiga tayyorlaganmiz.

— Prezident yig‘ilishda mahalliy yo‘nalishda ham aviaqatnovlarni ko‘paytirish masalasini qo‘ydi. Mahalliy yo‘nalishda qatnovchi kam sig‘imli samolyotlarni xarid qilish masalasi bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

— Men ilgari OAV orqali bir necha bor chiqish qilib, Uzbekistan Airports OAJ shu’ba korxonasi bo‘lgan, aynan mahalliy yo‘nalishlarga ixtisoslashgan, mahalliy aeroportlarni bog‘lovchi Silk Avia aviakompaniyasi ochilayotganini xabar bergan edim. Kompaniya tuzib bo‘lindi. Hozir dastlabki uchta samolyotni keltirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Biz allaqachon 12 nafar ekipaj a’zolarini o‘qitib, tayyorladik. Dastlabki qatnovlar yaqin orada boshlanadi.