21 sentabr kuni kechqurun Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan buyon eng yirik va katta ehtimol bilan eng muhim asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ukraina hukumatiga ko‘ra, 215 kishi rossiyaliklar asirligidan qaytarilgan:

  • «Azovstal» mudofaasidagi besh qo‘mondon
  • 124 ofitser
  • «Azov» polkining 108 jangchisi
  • Ukraina tomonida jang qilgan xorijliklar (jami 10 kishi), jumladan «DXR»da o‘limga hukm qilingan ikki britaniyalik va bir marokashlik.
  • Olenivkadagi portlash vaqtida yaralangan sakkiz harbiy.

Ukraina Rossiyaga 55 harbiy va «Putinning kumi» Viktor Medvedchukni (Putin uning katta qizining cho‘qintirgan otasi hisoblanadi) qaytargan. U Kiyev tomonidan davlatga xiyonatda ayblangan. «Rybar» telegram-kanaliga ko‘ra, asirlikdan qaytarilgan rossiyaliklar orasida quyidagilar bor:

  • mayor va podpolkovnik
  • olti nafar kichik ofitserlar va to‘rt nafar praporshchik
  • 40 nafar oddiy askar va serjantlar
  • «DXR» «xalq militsiyasi»dan ikki, «LXR» «xalq militsiyasi»dan bir kishi.

«Rybar» Rossiyaga yana 32 kishi qaytishi kerakligi haqida yozgan.

Foto: Reuters

Ukrainaga 200 nafar atrofida harbiy xizmatchi qaytgani to‘g‘risida Ukrainada telemarafon efirida ham ma’lum qilindi: prezident ofisi rahbari Ondriy Yermak Volodimir Zelenskiy oldida hisobot berdi, keyin ular asirlikdan qaytarilganlar bilan, jumladan «Azov» komandirlari bilan videoaloqa orqali muloqot qilishdi.

«Biz o‘z qahramonlarimizdan 200 kishini allaqachon tergovda barcha ko‘rsatmalarini berib bo‘lgan Medvedchukka almashdik. «Azovstal»ning besh qahramon qo‘mondoni — biz uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan 55 nafar rossiyalik asirga almashtirildi», — deya almashuv sxemasini ochiqlagan Yermak.

Zelenskiy Ukrainada barcha tanib olgan odamlarni nomma-nom sanagan, ular qatorida «Azovstal»dagi mashhur fotograf Dmitroy Kazatskiy («Orest») ham bor.