O‘zbekiston | 17:23 / 26.09.2022
19815
8 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi bog‘chada bolalar ommaviy zaharlandi. Ota-onalarga farzandlari havodan zaharlangani aytilgan

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-bog‘chada bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgan edi. Kun.uz muxbiri bog‘cha bolalarining nimadan zaharlangani, MTTdagi holat yuzasidan surishtiruv olib bordi.

Aniqlaganlarimizga ko‘ra, 14 sentabr kuni bog‘cha tarbiyalanuvchilarida holsizlik, ich ketishi, qayt qilish va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan. Buning ortidan 42 nafar bola tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Farzandi MMTda zaharlangan O‘g‘iloy Tojiyevaning aytishicha, tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida joy yetishmagani sabab boshqa kasallarga ruxsat berilgan.

O‘g‘iloy Tojiyeva

“14 sentabr kuni qizim holsiz holatda uyqudan uyg‘onib “bog‘chaga bormayman” deb turib oldi. Men ishga ketdim. Qizim o‘sha kuni uyda qoldi. Soat 10:00larda qo‘ng‘iroq qilishib, qizimning tana harorati ko‘tarilgani haqida xabar qilishdi. Dorixonadan dori olib kelib berishlarini aytdim. Keyin yana 16:00 larda qayta qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Isitma tushmagani haqida aytishdi. 17:00larda uyga qaytib keldim. Qizimning rangi sarg‘ayib ketgan, holsiz edi. Darhol tuman tez tibbiy bo‘limiga olib bordik. U yerda birinchi yordam ko‘rsatildi. Shundan keyin qizimni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Ertasi kuni ertalabgacha shifoxonaning har ikki qavatida joylashgan xonalar 39-bog‘cha bolalari bilan to‘ldi. Boshqa kasallarga joy yetishmasligi sababli ruxsat berildi”, – deydi u.

Abduxalil Orifjonovning farzandi shifoxonada muolaja olganiga qaramay, kasallik qaytalangan.

Abduxalil Orifjonov

“14 sentabr kuni bog‘chadan qo‘ng‘iroq qilishib, qizim qayt qilayotgani haqida xabar berishdi. Qizimni uyga olib ketdim. Tana harorati uyda ham ko‘tarilishda davom etdi. Ich ketishi va qayt qilish to‘xtamadi. Shundan keyin yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordim. Kasalxonada 4 kun davolangan qizim mana yana kechadan qaytalandi. Yana ichi ketyapti, qayt qilyapti. Tana harorati ham baland”, – deydi u.

Saida Ibragimova

Saida Ibragimovaning biryo‘la ikki farzandi bog‘chada kasallangan. Uning aytishicha, ota-onalar bolalari nimadan zaharlanganini bilishmaydi.

“39-bog‘chada ikki o‘g‘lim tarbiyalanadi. Farzandlarim bog‘chada zaharlanib ancha muolaja olishdi. Taajjublanarlisi, ota-onalarga bolalar nimadan zaharlangani haqida haligacha aniq ma’lumot berilmadi. Zaharlanish sababini so‘rasak, “havodan zaharlangan”, deyishdi.

Ta’lim muassasasining havosi alohida emas-ku. Bog‘cha qarshisida 13-maktab bor. Havodan bo‘lganida maktab o‘quvchilari ham zaharlangan bo‘lardi. Biz, ota-onalar farzandlarimiz aynan nimadan zaharlanganini bilmoqchimiz”, – deydi u.

Oltiariq tumani MTB mudiri Xolisxon Apandiyeva holat bo‘yicha qo‘yidagilarni so‘zladi:

Xolisxon Apandiyeva

“Oshxonalarimizda tabiiy gaz muammosi bor. Elektr ta’minotida ham boshqa joylarda bo‘lgani kabi uzilishlar bo‘lib turadi. Bog‘chada pechlar ham yetishmaydi. Mini pechlar olib berilgan. 200 nafar bolaga ovqat tayyorlab berish uchun tabiiy gazning quvvati yetmaydi.

Voqea sodir bo‘lgan kunlari ayrim sabablarga ko‘ra baliq va tovuq go‘shti ta’minotchidan qabul qilinmagan. O‘sha kuni ovqatga mol go‘shti solingan. Bolalar sut mahsulotlari iste’mol qilishgan. Bog‘chada go‘sht maydalagich uskunasi ta’mirtalab holatga kelib qolgani sababli baliq va tovuq go‘shti olinmagan”, – deydi u.

San’atxon Boymatova

39-MTT direktori San’atxon Boymatovaga ko‘ra, MTTda hamshira boshchiligida oshpaz, tarbiyachi, xo‘jalik mudiri, kasaba uyushmasi raisi ishtirokida tekshiruv guruhi mavjud bo‘lib, ular muassasaga olib kelingan mahsulotlarning sifatini tekshirishadi. Bolalar zaharlangan kunidan avval olib kelingan mahsulotlarning sifati yaxshi bo‘lgan. Banan, olma, tvoroglar sifati buzilmagan holatda bog‘cha hududiga kirib kelgan.

Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bo‘limi mudiri Jahongir Musoxonovning ta’kidlashicha, bolalar iste’mol qilgan sutli kakao, saryog‘, banan, olmali salat, tovuq go‘shti va tvorogda ichak tayoqchalari bakteriyalari guruhi aniqlangan.

Jahongir Musoxonov

“MTTda yuz bergan hodisaga birinchi navbatda oshxonada yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani, idish yuvish uchun sharoit yo‘qligi, tez buziluvchi mahsulotlar saqlash uchun sovitgichlar yetarli emasligi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, har bir ishlatiladigan jihozlar bir-biriga mos holda markirovka qilinmagan. Taomnoma tegishli tartibda tuzilmagan. Toamnomadan chetga chiqish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, bolalarga zaharlanish qayd etilgan kundan bir kun avval sutli kakao, saryog‘li non berilgan. Tekshiruvga ko‘ra, banan va olmali salatdan ichak tayoqchalari bakteriyalari guruhi aniqlandi. Bundan tashqari, tovuq go‘shti, saryog‘ va tvorog mahsuloti tarkibida ham ichak tayoqchalari guruhi bakteriyalari mavjudligi aniqlandi”, – deydi SEOM mudiri.

Oltiariq tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi navbatchi shifokori Nasibaxon Mamadaliyevaning aytishicha, kasalxonaga 42 nafar tarbiyalanuvchi yotqizilgan. 50 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxona bog‘cha bolalariga to‘lgan.

Nasibaxon Mamadaliyeva

“14 sentabr kuni navbatchilikka kelganimda soat 17:00-18:00 lar oralig‘ida shifoxonaga tana harorati ko‘tarilishi, ich o‘tishidan shikoyat qilib 39-MTTdan bir guruh bolalar kelishdi. Kasallangan bolalar ko‘payib ketgach, yordamchi kuchlar chaqirdik. 42 nafar tarbiyalanuvchi olib kelindi. Bemorlar kelganida o‘rta og‘ir holatda edi. Shifoxonamiz 50 o‘ringa mo‘ljallangan edi.

Holati yaxshi bo‘lib qolgan boshqa bemorlarimizga uyga ketishlariga ruxsat berib o‘rniga bolalarni yotqizdik”, – deydi u.

Surishtiruv xulosasiga ko‘ra, bolalar iste’mol qilgan sutli kakao, saryog‘, banan va olmali salat, tovuq go‘shti hamda tvorogdan ichak tayoqchalari bakteriyalari guruhi aniqlangani ma’lum bo‘lmoqda.

Qiziq jihati esa 39-MTTda go‘sht maydalagich uskunasi ta’mirtalab holatga kelib qolgani sababli ta’minotchidan baliq va tovuq go‘shti qabul qilib olinmagan. Taomnomada qayd qilingan ovqat berilmagan.

Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bo‘limi mudiri Jahongir Musoxonov bergan intervyusida tarbiyalanuvchilar iste’mol qilgan tovuq go‘shtida ham “ichak tayoqchasi bakteriyalar guruhi” aniqlanganini ma’lum qildi. MTT rahbariyati esa bog‘chadagi go‘sht maydalagichning buzilib qolgani tufayli ta’minotchidan tovuq go‘shti qabul qilinmaganini aytmoqda. Bir-biriga zid ko‘rsatmalar...

Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti.

20 sentabr kuni Senat kengashining navbatdagi majlisida SanEpid xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov bog‘chalarda sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlatilishi, ovqat tayyorlash texnologik jarayoniga rioya etmaslik, nomutaxassislar faoliyat yuritayotgani va aksariyat holda xodimlar oddiy sanitariya minimumini o‘qimagani sababli ommaviy kasallanishlar aniqlanayotganini ta’kidlagan edi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid

E`lonlar