15:11 / 28.09.2022
7380

Ibrohim Raisiy: O‘zbekistonni Chobahor bitimiga hamda Shimol-janub yo‘lagiga qo‘shishga tayyormiz

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy joriy yil 14-16 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Davlatlar yetakchilari ikki tomonlama munosabatni yanada mustahkamlash masalasini ko‘rib chiqdi.

Ibrohim Raisiy

O‘zA muxbiri ShHT sammiti doirasida Eron prezidenti bilan ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik, imzolangan yangi bitimlar natijasida kutilayotgan yangiliklar xususida suhbatlashdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Eron ochiq dengizga chiqishi uchun eng yaxshi, eng qulay va eng arzon yo‘nalish sifatida O‘zbekistonga bu borada imkon qadar ko‘proq yordam berishga tayyor. 

«Biz O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk davrdan boshlab Eron temir, avtomobil va dengiz yo‘li tarmog‘i, xususan, Bandar Abbos va Chobahor portlari o‘zbekistonlik tadbirkorlar savdo-iqtisodiy maqsadda foydalanishi, O‘zbekiston va boshqa davlatlar tovarlarini tashishi uchun tayyorligini bildirgandik. Ikki davlat Ashxobod bitimi, Eron, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi uch tomonlama bitim, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda ikki tomonlama bitim va kelishuvlar doirasida ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning huquqiy, konsullik va bojxona bilan bog‘liq shart-sharoitini yaratishga harakat qildi».

Qayd etilishicha, Eron yangi dasturlariga muvofiq, qisqa vaqtda ko‘plab temiryo‘l infratuzilmasi yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, o‘zbekistonlik tadbirkorlar tashqi savdoda ulardan foydalanishi mumkin. 

«Biz, shuningdek, Chobahor portida qiziquvchi mamlakatlar ishtirok etishi, investitsiya kiritishi uchun kerakli va qulay imkoniyat yaratishni rejalashtirganmiz. O‘zbekistonni Chobahor bitimiga hamda Shimol-janub yo‘lagiga qo‘shishga tayyormiz. Shu kunga qadar bu masalada ko‘plab tashriflar uyushtirildi, muzokaralar amalga oshirildi», dedi Ibrohim Raisi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston temir va avtomobil yo‘li tarmog‘i eronlik tadbirkorlar boshqa davlatlarga chiqishi uchun qulay yo‘nalish hisoblanib, ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro bitimlar doirasida ushbu imtiyozdan foydalaniladi.

Mavzuga oid
Top