Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zaporijjyada gumanitar karvon o‘qqa tutildi. 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Rossiya qo‘shini Zaporijjya atrofi bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi - zarba bosib olingan hududga kirish uchun navbatda turgan gumanitar kolonnaga kelgan. Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 25 kishi halok bo‘lgan, 74 kishi yaralangan.
Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Staruxning so‘zlariga ko‘ra, hujum bu yerdagi odamlar oblastning rossiyaliklar tomonidan vaqtincha bosib olingan hududidagi qarindoshlarini olib ketish va ularga yordam ko‘rsatish uchun navbatda turgan chog‘da sodir bo‘lgan.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, «soat 7:30 atrofida bosqinchi davlat qurollli kuchlari xalqaro gumanitar huquq normalarini nazar-pisand qilmasdan, Zaporijjya bo‘ylab raketa zarbasi yo‘llagan».
«Shahar chetida, avtomobil bozori yaqinida tinch fuqarolarning gumanitar avtokarvoni o‘qqa tutildi. Hozirga kelib 25 kishi halok bo‘lgani va 74 kishi yaralangani ma’lum, jabrlanganlar orasida bolalar ham bor», deyiladi bosh prokuratura xabarida.
Zarba Vasilevka yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida berilgan. Bu fuqarolarning avtomobil karvoni Rossiya tomonidan bosib olingan hududga o‘tishi mumkin bo‘lgan yagona nazorat-o‘tkazish punktidir.
Melitopol meri Ivan Fedorovning izohlashicha, «qarindoshlariga yordam ko‘rsatish, tinch aholi vakillariga zarur dori-darmonlar yetkazish va ortga qaytish uchun» odamlar tez-tez rossiyalik harbiylar tomonidan egallab olingan hududlarga o‘tib turishadi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko telegramdagi sahifasida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Zaporijjya bo‘ylab «S-300» zenit-raketa majmuasidan 16 ta raketa uchirilganini ma’lum qilgan.
Zaporijjya oblast prokuraturasi urush qonunlari va urf-odatlari buzilishi hamda qasddan qotillik sodir etilishi faktlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

O‘z navbatida, Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Vladimir Rogov «terrorchilik akti» ukrain harbiylari tomonidan sodir etilgani haqida aytgan.
Zaporijjya oblastining bir qismi urush boshidan buyon Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan. Oblast markazi bo‘lgan Zaporijjya shahri ukrain armiyasi nazoratida qolgan.
23-27 sentabr kunlari «DXR», «LXR» «respublika»lari va Xerson oblasti qatorida Zaporijjya oblastining vaqtincha egallab olingan hududida ham Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha «referendum»lar o‘tkazildi. Rossiya tomoniga ko‘ra, Zaporijjya oblastida go‘yoki 93,11 foiz kishi «qo‘shilish tarafdori» ekanini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkich Xerson oblastida — 87,05 foiz, «DXR»da — 99,23 foiz, «LXR»da esa — 98,42 foiz qilib ko‘rsatilgan.
30 sentabrga o‘tar kechasi Vladimir Putin Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlari «davlat suvereniteti va mustaqilligini tan olish» to‘g‘risidagi farmonlarini imzoladi. Juma kuni Kremlda okkupatsiya qilingan hududlar, shuningdek «DXR» va «LXR»ning «Rossiya tarkibiga qo‘shilishi» bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
08:44 / 05.06.2026
Rossiya dronlari Zaporijjya va Konotopga hujum qildi
11:06 / 24.03.2026
Ukraina yana raketa va dronlar hujumi ostida qoldi
10:23 / 26.02.2026
Rossiya Kiyev, Xarkiv va Zaporijjyaga zarba berdi
09:11 / 04.02.2026