Jahon | 08:09 / 05.10.2022
3219
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova «Gazprom»ni shartnomani buzganlikda aybladi

Moldova bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Spinuning aytishicha, «Gazprom» qish arafasida moldovaliklarga gaz bermaslik uchun bahona qidirmoqda. Avvalroq Rossiya konserni Moldovaga gaz yetkazib berishni to‘lov yo‘qligi sababli to‘xtatish imkoniyatiga ishora qilgan edi.

Foto: Reuters

«Gazprom» Moldovaga o‘zi berishi shart bo‘lgan gaz miqdorining atigi 70 foizini yetkazib berib, «Moldovagaz» bilan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzmoqda. Bu haqda 4 oktyabr, seshanba kuni Moldova hududiy rivojlanish va infratuzilma vaziri Andrey Spinu ma’lum qildi. «Gazprom» o‘z majburiyatlarini buzmoqda va qish arafasida moldovaliklarga gaz bermaslik uchun bahona qidirmoqda», — deb yozdi u Telegram-kanalida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «Moldova Respublikasi har doim gaz uchun, shu jumladan, oldindan to‘lagan». «To‘lovlarning biroz kechikishi tabiiy gaz narxining katta o‘sishi bilan bog‘liq», deb tushuntirdi Andrey Spinu.

O‘z navbatida, «Moldovagaz» AJ boshqaruvi rahbari Vadim Cheban kompaniya oktabr oyida Rossiya energetika konserni oldidagi shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishiga ishontirdi.

Avvalroq, o‘sha kuni «Gazprom» 2022 yil davomida «Moldovagaz» yetkazib berilgan gaz uchun to‘lov muddati to‘g‘risidagi kelishuv shartlarini muntazam ravishda buzganligini, shuningdek, yetkazib berish hajmi bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini o‘zgartirish uchun bir necha bor murojaat qilganini bildirgan edi.

Shu munosabat bilan, rossiyalik monopolist «barcha huquqlarini, jumladan, 2022 yil 20 oktyabrgacha gaz uchun to‘lov majburiyati buzilgan taqdirda, «Moldovagaz» AJning tarixiy qarzini to‘lash bo‘yicha shartnoma tuzish muddatlarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli yetkazib berishni to‘liq to‘xtatishni, shartnomani istalgan muddatda va har qanday vaqtda bekor qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi», deya ma’lum qildi.

«Gazprom» Moldovaning gaz bo‘yicha tarixiy qarzini to‘lashni talab qilmoqda, Rossiya kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra (penyalar bilan birga), u - 709 million dollar. O‘z navbatida, Kishinyov qarz miqdoriga e’tiroz bildiryapti va mustaqil tekshirishni talab qilyapti.

«Moldova Respublikasining manfaati to‘g‘ri va real miqdorlarni to‘lashdan iborat. Moldova unga tegishli bo‘lmagan qarzlarni to‘lamaydi», - dedi Andrey Spinu bu borada.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid