Moskvalik Aleksey IT sohasida ishlaydi, safarbarlik boshlangach, ish beruvchi kompaniya unga ijaraga olingan charterda Armanistonga uchib ketishni taklif qilgan.

«Kompaniya uchun bu yangilik emas edi, chunki 24 fevralda, urush boshlanganda ham ular tezda qaror qilib, Yerevanga uchib ketgan edi», – deydi Aleksey.

Parvoz 28 oktyabrga belgilanadi. Aleksey chipta narxini bilmaydi, chunki ishchilar uchun uchish bepul edi. U bu sanani kutmaslikka qaror qiladi. Rossiya chegarasi yopilishi mumkinligi haqidagi xabarlar sabab Aleksey safarbarlik e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tiboq Belarusga ketadi.

Alekseyning aytishicha, charter reys kompaniya ofisi joylashgan biznes markazga «politsiya va harbiy komissarlar» kelganidan keyin bekor qilingan. Endilikda ish beruvchi o‘z jamoasiga mamlakatni tark etish uchun individual yordam taklif qilmoqda.

Bu rossiyaliklar mamlakatni tark etish uchun shaxsiy samolyotlardan foydalanishga uringaniga bir misol. Talab, nafaqat, kompaniyalardan biznes-jyet samolyotlarni ijaraga olishda, balki boshqa xizmatlarda ham o‘sdi: masalan, bir kishi yoki guruh uchun butun samolyotni ijaraga olish, shuningdek, jyet sharing yoki shaxsiy samolyotdan o‘rindiq xarid qilish kabi.

«Qisman safarbarlik e’lon qilingan kunning ertasigayoq samolyotlarni ijaraga olish bo‘yicha talab keskin oshdi», – deydi Flight Way kompaniyasi bosh direktori Eduard Simonov. Ushbu kompaniya biznes-jyetlarda charter reyslarini tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.

«Murojaatlarning aksariyati avval shaxsiy samolyotlardan foydalanmagan, ammo hozir imkon qadar tezroq uchib ketishni xohlaydigan odamlardan kelyapti. Biroq potensial mijozlar ko‘pincha narxlardan qo‘rqib ketadi – hamma ham shartnoma imzolash va parvozgacha yetib bormaydi», – deydi Simonov.

Butun samolyotni ijaraga olish narxi masofa va marshrutga bog‘liq. BBC bilan muloqot qilgan kompaniyalarga ko‘ra, bir parvoz narxi 4,5 dan 10-15 million rublgacha bo‘lishi mumkin. Xususiy samolyotdagi o‘rindiqlarni «bo‘lishish» esa, masalan Turkiya yoki Armanistonga parvozlar uchun (bu ikki mamlakat safarbarlikdan keyin eng asosiy yo‘nalishlarga aylandi) 14 mingdan 25 ming yevrogacha (1-1,5 million rubl) baholanadi.

«Moskvadan Yerevan yoki Istanbulga uchuvchi butun bir samolyot ijarasi narxi yo‘lovchilar soni, samolyot turi va uning aniq uchish sanasiga qarab 5-13 million rublni tashkil qiladi. Va, albatta, ilgari hech qachon biznes-jyet samolyotlarda uchmagan odamlar bunday narxni ko‘rganda, ularda samolyotni ijaraga olish istagi tezda yo‘qoladi. Odamlarda odatiy vahima va qo‘rquv bor», – deya yozadi Simonov.