Ukraina harbiylari Xerson oblastida Ingulets daryosi bo‘yidagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Davidov Brod qishlog‘ini ozod etdi. Bu yerda bir necha oydan buyon rossiyaliklarning mazkur hududdagi asosiy istehkomi joylashgandi. Mazkur muhim posyolka uchun ikki oy qaqshatqich janglar olib borildi, ammo 4 oktyabr kuni Igor Strelkovning ta’biri bilan aytganda Rossiya armiyasi «yuzaga kelayotgan qurshov xavfi tufayli» bu punktni tashlab chiqdi. Rossiya kuchlari atrofda joylashgan boshqa ko‘plab qishloqlarni ham tark etgan. WarGonzo loyihasi asoschisi Semyon Pegovning yozishicha, Ukraina armiyasi «frontda jiddiy yorib o‘tishga erishgan» va Ingulets daryosining chap sohilidagi yo‘llar ustidan «to‘liq nazorat o‘rnatgan».
4 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining 35-alohida dengiz piyodalari brigadasi jangchilari Davidov Brod posyolkasida ukrain bayrog‘i o‘rnatilayotgani aks etgan videoni namoyish etishdi. Ukraina quruqlik qo‘shinlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi Davidov Broddan tashqari yana yettita aholi yashash manzili ozod etilganini tasdiqladi: bular Lyubimovka, Belyayevka, Ukrainka, Velikaya Aleksandrovka, Malaya Aleksandrovka, Kreshchenovka hamda Zolotaya Balka. Ro‘yxatdagi so‘nggi ikki qishloq qaytarib olingani haqida 1 oktyabr kuniyoq ma’lum bo‘lgandi.
Ukrayinskі zaxisniki publіkuyut u merejі vіdeo pro zvіlnennya Davidovogo Brodu, Starosіllya, Arxangelskogo, Velikoyi Oleksandrіvki u Xersonskіy oblastі. Vіdeo z Telegram Marіupolskoyi mіskoyi radi pic.twitter.com/OAQvaAO8xQ
— Ukrayinska pravda ✌️ (@ukrpravda_news) October 4, 2022
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu «hali to‘liq ro‘yxat emasligi»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «shu haftaning o‘zida» Xarkiv, Luhansk va Donetsk oblastlarida o‘nlab aholi yashash manzillari ozod etilgan. Prezident Ukraina armiyasi mamlakat janubida «yetarlicha tezkorlik va kuch bilan harakatlanayotgani»ni qayd etdi.
Rossiya armiyasi Xerson oblasti shimolini butunlay tashlab chiqqan. Ukraina qurolli kuchlari katta ehtimol bilan Dnepr daryosi sohilidagi Dudchani posyolkasini ham egallashgan, bu yo‘nalishda Dnepropetrovsk oblastidan Xersonga yorib kirilgan. Shu bilan birga rossiyalik harbiy muxbir Yuriy Kotenok 4 oktyabr kuni kechqurun Rossiya kuchlari qishloqning shimoliy qismini tashlab chiqishgani va Xersonni Zaporijjya bilan bog‘lovchi trassadagi ko‘prik portlatilgani, rossiyaliklar endi Dudchanining janubiy qismida o‘rnashganini xabar qilgan. Ayni vaqtda Xerson oblastida bo‘lib turgan yana bir «voyenkor» Roman Saponkov esa Ukraina qurolli kuchlari Dudchanini egallashgani, Rossiya bo‘linmalari hududni tark etishganini ma’lum qildi (5 oktyabr kuni kechga kelib ham rossiyaparast telegram-kanallar bu ma’lumotni rad etishmagan).













