Voqeani o‘rgangan organlar “uchastkavoy”ning tanobini tortib qo‘ymagani ham Samarqandda qonunlar ishlamayotganidan darak bermoqda.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videotasvirda “Equinox”ni boshqargan IIB xodimi soniyalar ichida bir nechta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani ko‘rinib turibdi. Biroq, oqibatda ikkinchi avtomobil - “Vaz 2107” egasi aybdor bo‘lib chiqqan. “Equinox”ning haqiqiy egasi esa tovon pulini inspektor to‘lab berishini talab qilyapti.

“Vaz 2107” haydovchisi O‘rol Saidov biz bilan suhbatda o‘ziga nisbatan adolatsizlik bo‘layotganini bildirdi.
Saidovning aytishicha, u joriy yilning 20 yanvar kuni 9.30 larda “Samarqand-Juma” yo‘nalishida kelayotib, mashinasini chap tomonga burgan. O‘sha vaqt kutilmaganda “Equinox” kelib unga urilgan va pastlikka tushib ketgan. Saidov o‘sha vaqt chamasi yetmish metr narida bir nechta avtomobil qizil chiroqda kutib turganini ko‘rgan. “Equinox” esa qarama-qarshi harakatlanib, o‘sha mashinalarni quvib o‘tgani va katta tezlikda kelgani uchun ko‘rmaganini aytmoqda.



YTH sodir bo‘lganidan so‘ng “Equinox”dan “formali yigit” (Past Darg‘om tumanidagi Mang‘itobod mahallasi profilaktika inspektori Salohiddin Pardaqulov) tushgan va aybiga iqror bo‘lgan. Zararni to‘lab berishini aytgan.
Biroq bir necha kun o‘tib voqealar butunlay teskari tus olgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudida O‘rol Saidovning aybi bilan YTH sodir etilgan, degan xulosaga kelingan. “Equinox”ga yetkazilgan 62,5 million so‘m zararni Saidov to‘lab berishi ko‘zda tutilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Profilaktika inspektori bu paytga kelib hamma aybni Saidovning bo‘yniga ag‘dargan.











