Bu jarayon eng faol tarzda tog‘larning cho‘qqisida ro‘y bermoqda. Chunki tog‘da havo harorati Yer kurrasi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 50 foizga tezroq ko‘tariladi. Tog‘larda iqlim shu qadar o‘zgarib ketganki, Himoliy tog‘iga chiqayotgan alpinistlar allaqachon qalin ekspeditsiya kostyumlari o‘rniga yengil kurtka bilan kifoyalanishmoqda, deyiladi hi-news.ru maqolasida.
Bunday vaziyat Yer kurrasidagi quruqlikning chorak qismini tashkil etuvchi boshqa tog‘larda ham kuzatilmoqda. Albatta, bu muzliklarning erishi global falokatlarni keltirib chiqarmaydi, lekin ularning ta’siri tufayli allaqachon yiliga yuzlab odamlar nobud bo‘lmoqda.
Agar sayyoramizda o‘rtacha harorat ko‘tarilib boradigan bo‘lsa, yaqin yillar ichida qurbonlar minglab sanaladigan bo‘ladi.

Tog‘ tizmalarida ko‘plab muzliklar erib o‘pirilmoqda
Shu yilning iyul oyida Italiya shimoli-sharqida joylashgan Marmolad tog‘ida havo harorati 27 darajagacha ko‘tarilgan. Kutilmaganda tog‘ massividagi ulkan muzlikdan ikkita futbol maydoniga teng qismi o‘pirilib tushgan. Muz parchalari tog‘ etagiga qarab siljib, 11 kishini bosib qolgan. O‘sha oyda Qirg‘izistondagi Patagoniyada yirik muzlik qulagan. So‘nggi yillarda bunaqa vaziyatlar tez-tez kuzatilmoqda. Vaziyat shu zaylda ketaversa Afrikada 20 yildan so‘ng birorta muzlik qolmaydi.
Nega muzliklar bo‘linib o‘pirilmoqda, shunchaki erib yoki Everest tog‘ida bo‘lganidek, bug‘lanib kelmayapti? Gap shundaki, abadiy muzlik erib borar ekan, bir paytlar sovuq harorat yordamida qotib qolgan tosh va tuproq shaklidagi grunt yaxlitligini yo‘qotadi. Natijada u siljuvchan massaga aylanadi va muzliklar siljishi hamda tuproq ko‘chishiga sabab bo‘ladi.

Muzliklarning erishi falokatga yetaklashi mumkin
O‘tgan yozda Alp tog‘lari muzliklari katta yo‘qotishga duchor bo‘ldi — ularning balandligi bir necha metrga kamayib ketdi. Bu hol olimlarning eng yomon kutilmalaridan ham oshib tushdi. Biroq shu paytgacha muzliklar ustidan kuzatuvlarning barchasi yuzaki. Ularning ichida nimalar sodir bo‘layotganidan olimlar bexabar. Ichki jarayonlar tog‘ etagidagi qishloqlarda yashayotganlarga qor yoki tuproq ko‘chishidan kam xavf tug‘dirmaydi. Gap muzliklar ichida to‘planadigan erigan suv haqida ketmoqda.


















