O‘zbekiston | 14:04 / 07.10.2022
4975
3 daqiqa o‘qiladi

Qozonxonalar, kodli qulflar, hojatxonalar: kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ajratilgan 2 trln so‘m nimalarga sarflanayotgani aytildi

O‘zbekistonda 2022–2023 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari uchun 2 trillion so‘m yo‘naltirilgan. AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ushbu mablag‘ qaysi maqsadlarda sarflanayotgani, tayyorgarlik doirasida qanday ishlar amalga oshirilgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

Rasmiylarning qayd etishicha, 23 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondining 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash to‘g‘risida”gi 522-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan respublikada barcha yo‘nalishlarda isitish mavsumining barqaror o‘tishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Xususan:

  • 2 967 ta ko‘p kvartirali uy-joy fondi;
  • 1 815 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari;
  • 1 689 ta nasos uskunasi;
  • 24 ta markaziy va mahalliy qozonxona;
  • 809 ta turli markadagi qozon;
  • 737 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari;
  • 88 080 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari;
  • 29 135 ta transformator punktini mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bugungi kunda hukumat qarori parametrlari bo‘yicha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan 21 ta qozonxona, 796 ta qozon va 591 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarida mukammal hamda joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Bundan tashqari, issiqlik ta’minoti sohasida Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 62 361 ta xonadondan iborat 1 399 ta ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi 310 ming nafardan ortiq aholi hamda 96 ta ijtimoiy soha obektlariga sifatli va uzluksiz issiqlik energiyasi yetkazib berilishiga erishiladi.

Matbuot anjumanida keltirishicha, respublikadagi 2 958 ta ko‘p kvartirali uyning 545 ming kvadrat metr tom qismi, 2 815 ta uyning kirish yo‘laklari, 1 228 ta uy yerto‘lasidagi muhandislik-kommunikatsiyalari, 1 518 ta temir eshik va 1 518 ta kodli qulflar, 2 655 ta elektr taqsimlovchi shit, 591 ta uy ichidagi muhandislik tarmoqlari, 967 ta uyning fasad qismini ta’mirlash va 133 ta ko‘p kvartirali uy atrofidagi umumfoydalanishdagi hojatxonalar qurilgan va ta’mirlangan.

«O‘zsuvta’minot» AJ tomonidan esa joriy yilning o‘tgan davrida 1 806 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari va 1 728 ta nasos uskunalari mukammal va joriy ta’mirlangan. 

Mavzuga oid