Jahon | 14:19 / 07.10.2022
14469
2 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Ukraina, Belarus va Rossiyadagi inson huquqlari himoyachilariga berildi

Mukofotni Rossiyaning «Memorial», Ukrainaning «Fuqarolik erkinliklari markazi» va Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiylar bo‘lib olishdi.

Foto: Twitter / TheNobelPrize

2022 yil uchun Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureatlariga Rossiya, Belarus va Ukraina huquq himoyachilari aylandi: Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari jamiyati, Ukrainaning «Fuqaro erkinliklari markazi» jamoat tashkiloti va Belarus «Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiy. Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini 7 oktyabr, juma kuni e’lon qildi

Tinchlik mukofoti, Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra, «eng katta muvaffaqiyatga erishgan yoki xalqlarni birlashtirish va amaldagi armiyalar sonini kamaytirishda boshqalardan ko‘ra ko‘proq xizmat qilgan, shuningdek, tinchlik kongresslari o‘tkazgan va ularga e’tibor qaratgan kishiga beriladi».

Joriy yilda Tinchlik mukofotiga 251 kishi va 92 tashkilot ariza topshirgan bo‘lib, nomzodlarning umumiy soni – 343 – mukofot tarixidagi ikkinchi eng ko‘pi bo‘ldi. Rekord 2016 yilda, 376 nomzod bo‘lganida o‘rnatilgan edi. 

O‘tgan yili «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlaridan biriga aylandi. U bilan birga mukofot filippinlik jurnalist Mariya Ressega topshirildi. Muratov va Ressa «demokratiya va matbuot erkinligi tobora noqulay sharoitlarga duch kelayotgan dunyoda» bu ideal uchun kurashayotgan barcha jurnalistlar vakilidir, deya ta’kidlab o‘tgandi qo‘mita.

Muratov Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi rossiyalik bo‘ldi. Undan oldin u fizik va huquq himoyachisi Andrey Saxarovga va SSSRning yagona prezidenti Mixail Gorbachyovga berilgan.

Mavzuga oid