18:57 / 08.10.2022
16723

Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat qisman tiklandi 

Qrim rahbari Sergey Aksyonov yarimorolni Rossiya bilan bog‘lovchi ko‘prikda transport vositalari harakati qisman tiklanganini e’lon qildi. 

Foto: Sergey Malgavko/TASS

«Ayni vaqtda to‘liq ko‘rikdan o‘tgan avtomobillar va avtobuslar uchun harakat ochiq. Yuk avtomobillari haydovchilaridan Kerch parom kechuvi orqali yo‘nalishni rejalashtirishini so‘raymiz. Ikki soatdan keyin parom harakati ishga tushiriladi», deb yozdi u telegram kanalida. 

Avvalroq, Qrim yarimorolini Rossiyaning quruqlikdagi qismi bilan bog‘lovchi ko‘prikda yirik yong‘in sodir bo‘lgan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ko‘prikda yuk ortilgan avtomobil portlab ketgan. Zarba to‘lqini oqibatida temir yo‘ldan harakatlanayotgan yuk poyezdining sisternalarida yong‘in chiqqan. Milliy antiterroristik qo‘mita hodisani qo‘poruvchilik harakati deb baholadi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Ularning avtomobili portlab ketgan yuk avtomobilini quvib o‘tayotganida zarba to‘lqini ostida qolgan. 

Yuk avtomobilining egasi ham aniqlangan. U Rossiyaning Krasnodar viloyatida istiqomat qiluvchi shaxs bo‘lib chiqqan. Uning yashash joyida surishtiruv harakatlari boshlangan. 

Ma’lumot uchun, Rossiya 2014 yil Ukrainaning Qrim yarimorolini egallab olgach, hududni Rossiyaning quruqlikdagi qismi bilan bog‘lash uchun Kerch ko‘prigini qurgan edi. Ukraina urush boshlanganidan buyon Qrim ko‘prigiga zarba berishga haqli ekanini aytib kelayotgan edi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top