5 oktyabr kuni tushdan keyin Yangihayot tumani Yangi Choshtepa mahallasida ichimlik suvi quvurida yana nosozlik yuzaga keldi.

Yangihayot suv tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Samiyevning ma’lum qilishicha, O‘zar ko‘chasidagi diametri 250 millimetrli tarmoqda nosozlik yuzaga kelgani sababli 66 ta ko‘p qavatli uydagi 400-500ta xonadon suvsiz qolgan. Aholiga 2ta mashinada suv yetkazib berilgan.

Ta’kidlash kerak, Samiyev “400-500 ta xonadon” deganda haqiqiy raqamni karrasiga kamaytirib aytgan. Chunki mahalladagi 66 ta ko‘p qavatli uylarning aksariyati 7 qavatli bo‘lib, ularda 2 tadan kirish yo‘lagi va har bir yo‘lakdagi har bir qavatda kamida uchtadan xonadon bor: bu bitta uyda kamida 42 ta xonadon borligi, 66 ta uydagi xonadonlar soni esa 2700 dan ortiq ekanini anglatadi.

Toshkent shahar suv ta’minoti boshqarmasi 6 oktyabr soat 10:00 dan 20:00 gacha 66 ta ko‘p qavatli uylarda vaqtinchalik ichimlik suvi to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Foto: Yangi Choshtepa mahallasining Telegram-guruhi

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, Yangi Choshtepa mahallasi 2018 yildan boshlab tep-tekis yer ustida, noldan boshlab qurilgan. Ungacha hudud sug‘oriladigan yerlardan iborat bo‘lgan. 

2018 yil, may / Foto: Maxar / Google Earth
2022 yil, avgust / Foto: Maxar / Google Earth
Foto: Bizning Uylar Development

Yotqizilgan quvurlar atigi 3 yilga ham chidab bera olmagani bizni quruvchi kompaniya kimligi bilan qiziqishga undadi.

Internetdagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Choshtepadagi uylarning quruvchisi Discover Invest hisoblanadi. Biz kompaniyaga bog‘lanib, ma’lumot olishga urindik. Biroq urinishlarimiz besamar ketdi. Koll-markaz xodimasi yuridik bo‘limga ulab berdi, ammo telefonga hech kim javob bermadi. Bir necha urinishlardan keyin koll-markaz telefonlariga hech kim javob bermadi.