Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, itlar Olot tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan suvsiz va ovqatsiz qoldirilgan. Maqsad — itlarni shu yo‘l bilan yo‘q qilish.
Obodonlashtirish xodimlari bu ishini "xizmat vazifasi" deya izohlagan.
Videolarda ochlikdan sillasi qurib, o‘limini kutayotgan ona it va uning atrofidagi chorasiz bolalarini ko‘rish mumkin.
“Borib qutqarib oldim, yana bir kun qafasda och yotsa, o‘lardi”, deydi fuqaro.
U bunday holatga 5-6 marta duch kelgan, bu holdan xabar topgach, obodonlashtirish bo‘limidan bir necha marta itlarni uyiga olib ketib davolagan. Ayrim itlarga dori berib o‘ldirilgan.
Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Olot tuman obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ubaydullo Qulliyev bilan bog‘landik.
U vaziyatni izohlar ekan, tizimdagi muammolar tufayli shunday qilishga majbur bo‘lishayotganini aytadi.
“Vaqtincha saqlash joyiga olib kelingan itlar odamlarni tishlagan. Holat rasmiylashtirilib, itlar olib kelib qo‘yilgan. Itlar olib kelinganidan keyin kasalmi yoki yo‘qligi aniqlanadi. Hozir davlat doriga pul bermaydi, demak qarovsiz itlarning hammasini dori berib yo‘q qilolmaymiz ham. Itlar ko‘payib ketgan, biz saqlashga majburmiz. Chunki birovni tishlagandan keyin kasal yoki quturgan it bo‘lsa, tekshirish uchun saqlanadi. Och saqlanganiga sabab shuki, vaqtincha itlarni saqlash uchun mablag‘ ajratilmaydi”, - deydi u.
Qulliyevning qo‘shimcha qilishicha, itlarni o‘ldirish masalasi juda og‘riqli. Ilgari aholidan shikoyat tushsa, obodonlashtirish bo‘limlarining itlarni tutish brigadalari borib, dori berib ularni yo‘q qilgan. Hozir doriga ham pul ajratilmayapti.
“Bir tomondan itlarni saqlash uchun sharoit ham yo‘q. Aholining murojaatini bajarmasak ham bo‘lmaydi. Yosh bolalarni qarovsiz itlar quvlaydi. Aholi norozi bo‘ladi. Shunday saqlamasak, odamlar ustimizdan ariza yozadi. Sizlar jurnalist bo‘lib, shu masalada yordam beringlar. Itlarni saqlash uchun talabga javob beradigan saqlash joylari tashkil qilish kerak. Mexanizm ishlab chiqilishi kerak”, - dedi obodonlashtirish bo‘lim rahbari.
Uning gaplarini ekojurnalist Feruzbek Sayfullayev ham tasdiqlaydi.
“Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi 202-sonli qarorining 4-ilovasi bilan “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalari” tasdiqlangan.








