18:34 / 09.10.2022
23278

Zaporijjya o‘qqa tutildi: 17 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam yaralandi

O‘tgan tunda Zaporijjyaga yana Rossiya qo‘shinlari tomonidan raketa zarbalari berildi.

Foto: Ukraina FVDX

Ukraina mudofaa vazirligi zarbalar natijasida tinch aholi vakillari orasida kamida 17 kishi halok bo‘lgani va o‘nlab kishilar shifoxonaga yotqizilgani, yaralanganlar orasida olti nafar bola borligini ma’lum qildi.

«Yaralanganlar va halok bo‘lganlar orasida bolalar bor», deyiladi Zaporijjya ma’muriyatining feysbukdagi xabarida. Bosh prokuror ofisi kamida bir bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Tongda Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Starux 12 qurbon va 49 yarador haqida xabar bergandi. Shahar kengashi kotibi Anatoliy Kurtev esa 17 qurbon haqida yozgandi.

«Tunda dushman oblast markaziga raketa zarbalari yo‘llash uchun taktik aviatsiyani qo‘lladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar Zaporijjya bo‘ylab 12 raketa uchirishgan. Raketalarning aksari ko‘p qavatli turar joy binolari va xususiy uylarga kelib tushgan. 9 qavatli uyning bir qismi qulab tushgan. Jami beshta xususiy uy vayron bo‘lgan. Infratuzilma obektlari shikastlangan. 20 avtomobil jabrlangan», deya yozadi Starux telegram-kanalida.

O‘z navbatida oblastning rossiyaparast ma’muriyati Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari harbiylari kazarmasiga zarba berganini xabar qilgan.

«Zelenskiy jangarilarining 55-artilleriya brigadasi jazo otryadi kazarmasida yorongul («Geran») guldastalari gulladi», deya yozgan Zaporijjya harbiy-fuqarolik ma’muriyati bosh kengashi a’zosi Vladimir Rogov o‘z telegram-kanalida.

Rossiyalik harbiylar Erondan qabul qilib olingan Shahed-129 rusumli kamikadze dronlariga «Geran» (yorongul) deb nom berishgan.

Ukraina havo kuchlari zarbalar Rostov oblasti va Ryazandagi samolyotlardan foydalanganini ma’lum qilgan.

Ukraina harbiylari 9 oktyabrga o‘tar kechasi Ryazandagi aerodromdan oltita Tu-22M3 bombardimonchi samolyoti, Rostov oblastidagi Marinovka aerodromidan yettita Su-35 samolyoti havoga ko‘tarilganini aniqlagan.

Ukrain harbiylariga ko‘ra, bu samolyotlar Melitopol va Berdyansk hududlaridan turib Zaporijjyaga zarbalar yo‘llagan.

Xususan, Ukraina havo kuchlariga ko‘ra, Tu-22M3 bombardimonchilaridan to‘rtta X-22 qanotli raketalari, Su-35 samolyotlaridan esa ikkita boshqariluvchi X-59 aviatsiya raketalari uchirilgan.

Bundan tashqari, rossiyaliklar S-300 zenit-raketa majmualari orqali ham raketalar uchirgan.

«Shahardagi fuqarolik infratuzilmalari va aholi yashash kvartallariga 16 raketa yo‘llangan», deyiladi Ukraina havo kuchlari xabarida.

Prezident Volodimir Zelenskiy Zaporijjya bo‘ylab zarbalarni «mutlaq yovuzlik» deb baholadi.

«Yana Zaporijjya. Yana tinch aholi vakillariga ayovsiz zarbalar. Turar joylarga, qoq tun o‘rtasida», deya yozgan u telegram-kanalida.

«Uchiga chiqqan razillik. Uchiga chiqqan yovuzlik. G‘ayriinsoniylar, terrorchilar. Bu buyruqlarni berganlardan tortib bu buyruqni bajarganlargacha. Ular javob berishadi. Shak-shubhasiz. Qonun oldida ham, odamlar qarshisida ham», degan prezident.

Ukraina hukumati raketa zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan binolar tasvirlarini namoyish etgan.

Yakunlangan haftada Zaporijjya shahri bir necha bor o‘qqa tutildi. 6 oktyabr kungi raketa zarbalari oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgandi.

Qutqaruvchilar xarobalar orasidan odamlarni qidirmoqda, shahar rasmiylari aholini yordam ko‘rsatishga chaqirgan.

Rossiya rasman Ukrainaning Zaporijjya oblastini annexia qilgan bo‘lsa-da, amalda uning faqat 70 foizga yaqin qismini nazorat qiladi. Rossiya qo‘shini Energodar, Melitopol va Berdyansk shaharlarini egallab olishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo oblastning ma’muriy markazi bo‘lgan Zaporijjya shahri Ukraina nazoratida qolgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top