Xorijliklarda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlarga qiziqish oshyapti

“Charm-sanoati sohasida yaratilgan imkoniyatlar bu yo‘nalishni mamlakatdagi drayver sohalardan biriga aylantirish uchun asos bo‘la oladi. Bu imkoniyatlar o‘z o‘rnida katta mas’uliyat va vazifalarniyam yuklaydi. 2017-2021 yillarda charmdan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi deyarli 6 barobarga oshdi. Shu davrda 632 mln dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirildi. 300 dan ortiq yangi korxonalar ishga tushirildi. 2021 yil yakuniga ko‘ra, 421 mln dollarlik charm mahsulotlari eksport qilindi. 2022 yil yakunida bu ko‘rsatkichni 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Eksport hajmini yanada oshirish maqsadida sohadagi imkoniyatlar, jozibali takliflar bilan xorijlik hamkorlar bilan ishlar olib boriladi.

 Joriy yil davomida ham 12 ta xalqaro nufuzli ko‘rgazmalarda o‘zbek charm sanoatidagi 100 dan ortiq korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Bu bilan 60 mln dollarga yaqin eksport shartnomalari imzolangan. Bu O‘zbekistonda tayyorlanayotgan charm mahsulotlarining dunyo bozorida o‘z o‘rnini topayotganini bildiradi.

Davlat rahbarining shu yo‘nalishda imzolangan qarorlari bilan O‘zbekistonda ham shunday ko‘rgazmalarni tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Doimiy ravishda o‘tkazib kelinayotgan O‘zcharmekspo ko‘rgazmasi bu yil 12-marta o‘tkazildi. Unda 100 dan ortiq korxonalar 4000 dan ortiq turdagi o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi. Ko‘rgazmada MDH davlatlaridan va Yevropa mamlakatlaridan yirik kompaniyalari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etib, Made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi mahsulotlarga qiziqish bildirishdi. Birgina shu ko‘rgazmaning o‘zida 50 mln dollar atrofida eksport shartnomalari, 25 mln dollar atrofida investitsion hamkorlik shartnomalari imzolandi.

13-14 oktyabr kunlari O‘zcharmekspo 13-xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarini boshlaganmiz. Bu ko‘rgazma dunyoning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik uchun savdo maydonchasi bo‘lishi kutilyapti”,- deydi rais o‘rinbosari.

Adhamjon Mo‘ydinov ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining “Charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga respublikaning 16 ta hududida kichik sanoat zonalarini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Bunga 2022-2023 yillarda davlat budjetidan 90 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Tizimdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, ya’ni ayollar va bolalar poyabzallari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun alohida imtiyozlar ajratildi.