O‘zbekiston | 08:49 / 11.10.2022
7270
4 daqiqa o‘qiladi

To‘lov tizimi operatorini nazorat qilish tartibi e’lon qilindi

“To‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlarini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Nizom Markaziy bank tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lgan to‘lov tizimi operatori va/yoki to‘lov tashkilotlariga nisbatan qo‘llaniladi. Nazorat maqsadi to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti faoliyatining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunga va ushbu qonunga asosan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligini tekshirishdan iborat.

To‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlari faoliyatini nazorat qilishda Markaziy bank:

  • to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlari faoliyatini bir yilda ko‘pi bilan bir marta inspeksiyadan o‘tkazishi, bank hisobvaraqlari, reyestrlar, hujjatlarni tekshirish, ulardan axborot va ma’lumotlar, shu jumladan shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni olish, Markaziy bank vakolati doirasidagi boshqa harakatlarni amalga oshirish;
  • muhim to‘lov tizimi faoliyatida uzilishlar ro‘y berganda navbatdan tashqari tekshiruvlarni amalga oshirish;
  • to‘lov tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi;
  • “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari buzilgan hollarda to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlariga nisbatan chora va sanksiyalarni qo‘llaydi.

Markaziy bank nazoratni bilvosita (masofaviy) va bevosita (joyida) amalga oshiradi. Markaziy bank ma’lumotlarni shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, to‘lov tizimlari faoliyati to‘g‘risidagi hisobot va axborotlar hamda boshqa hujjatlarni tahlil qilish orqali to‘lov tizimi operatori faoliyatini baholaydi.

To‘lov tizimi operatori Markaziy bankka 1 (bir) yilda bir marta tashqi audit hisoboti olingan kundan e’tiboran 15 (o‘n besh) kun ichida moliyaviy hisobotlar va tashqi auditor hisoboti maxsus ilovasini taqdim etishi kerak.

To‘lov tizimi operatori PCI DSS xalqaro standart talablariga muvofiq malakali xalqaro baholovchilar baholash natijalarini muntazam ravishda Markaziy bankka taqdim etishi kerak.

Muhim to‘lov tizimlari faoliyatini monitoring qilish orqali Markaziy bank: to‘lov tizimlarini nazorat qilish siyosati asosida muhim to‘lov tizimlari xalqaro standartlarga va Markaziy bank talablariga muvofiqligi yuzasidan baholashni o‘tkazadi; to‘lov tizimlarini nazorat qilish siyosatiga kiritilgan moliya bozori infratuzilmalari uchun tamoyillari asosida muhim to‘lov tizimi operatorlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Markaziy bank to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan to‘lov xizmatlari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish shakllari, usullari va muddatlarini, hisobotlarni tuzish uslubiyotini belgilaydi. To‘lov tizimi operatori davriy va navbatdan tashqari hisobotlar orqali to‘lov tizimi faoliyatiga doir ma’lumotlarni Markaziy bankka taqdim etadi.

Mavzuga oid