Jahon | 12:22 / 12.10.2022
6093
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkong AQShning Mordashov yaxtasini xatlovga olish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi

Hongkong rasmiylari faqat BMT sanksiyalarini qo‘llashini ma’lum qildi. Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi G‘arb jazolarini Hongkong rahbari «qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan» deb atadi.

Foto: Reuters

Hongkong ma’muriyati rahbari Jon Li 11 oktyabr, seshanba kuni AQSh, Yevropa ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning Ukrainaga tajovuzkorligi munosabati bilan sanksiyaga uchragan oligarx Aleksey Mordashovga tegishli deb hisoblangan Nord superyaxtasini xatlovga olish haqidagi AQSh chaqirig‘ini rad etdi. Yaxta Hongkong portiga 5 oktabr kuni yetib kelgan.

Jon Li jurnalistlarga aytishicha, Hongkong «faqat BMT sanksiyalarini qo‘llaydi, bu bizning tizimimiz, qonun ustuvorligimiz». Hongkong rasmiylari, shuningdek, alohida hukumatlar tomonidan bir tomonlama joriy qilingan sanksiyalarni qo‘llamasligini ma’lum qildi. «Biz qonuniy asoslar bo‘lmaguncha hech narsa qila olmaymiz», dedi Li.

Bir kun oldin AQSh Davlat departamenti vakili Hongkongning xalqaro moliya markazi sifatidagi maqomi yomonlashishi va ishbilarmonlik muhiti shaffofligi shubha ostiga qo‘yilishi mumkinligini aytdi. Bu, agar uning rasmiylari bir nechta yurisdiksiyalarda sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga Hongkongdan xavfsiz boshpana sifatida foydalanishga ruxsat bersa, amalga oshishi mumkin. 2020 yilda AQSh Hongkongda demokratiya uchun tashkil etilgan norozilik namoyishlarini bostirgani uchun bir qator xitoylik amaldorlarga, jumladan Jon Liga ham sanksiyalar kiritdi.

Mordashov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqada deb hisoblanadi. Tadbirkor «Severstal» metallurgiya konsernining asosiy aksiyadorlaridan biri bo‘lib, uning boyligi 18 milliard dollarga baholanmoqda. Nord yaxtasi uzunligi 141,6 metr, 20 ta kabina, suzish havzasi va ikkita vertolyot maydonchasiga ega. Kemaning narxi 516 million yevroga baholanmoqda.

Bu yil AQSh va Yevropa davlatlari Rossiya oligarxlarining Ukrainadagi urush tufayli sanksiyaga uchragan o‘ndan ortiq superyaxtalarini xatlovga oldi, biroq ularning ba’zilari kemalarni Turkiya yoki Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarga olib ketishga muvaffaq bo‘ldi, u yerda g‘arb sanksiyalari tahdid solmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid