Jahon | 16:34 / 12.10.2022
9185
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish - NATOning ustuvor vazifasi

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash NATO davlatlarining harbiy yordami uchun ustuvor vazifaga aylanadi, deb ma’lum qildi tashkilot bosh kotibi Yyens Stoltenberg Bryusselda alyans mamlakatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishida. 

Foto: Reuters

«Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni qanday qilib yanada kengaytirishni ko‘rib chiqamiz va havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish asosiy ustuvor vazifa bo‘ladi», - dedi u

Stoltenberg Germaniya tomonidan Ukrainaga IRIS-T zenit kompleksi yetkazib berilishini olqishladi va hamkorlarni Rossiyaning Ukraina shaharlariga raketa hujumlari tufayli Kiyevni ko‘proq turli vositalar va havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalardan, ballistik raketalardan, qanotli raketalardan va uchuvchisiz uchar qurilmalardan himoya haqida bormoqda. 

Qayd etilishicha, Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini zudlik bilan yetkazib berish «shaharlar va mamlakatning ko‘p qismini tinch aholi o‘limi hamda muhim infratuzilmaning vayron bo‘lishiga olib kelayotgan dahshatli va pala-partish Rossiya zarbalaridan himoya qilishda» yordam berish uchun zarur. 

NATO bosh kotibi Rossiyaning raketa hujumlarini Putinning muqobil variantlari tugab borayotganining belgisi deb atadi.

Bundan oldin Litva Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilingandi.

Bu haqda Litva mudofaa vaziri o‘rinbosari Margiris Abukevichyus 12 oktyabr, chorshanba kuni Bryusselda ochilgan ittifoqqa a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining yig‘ilishidan oldin Die Welt gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Abukevichyusning fikricha, Ukraina ishtirokida NATO Rossiya agressiyasiga qarshi tura oladi. «So‘nggi yetti oy ichida Ukraina o‘zini Rossiyadan samarali himoya qila olishini va Moskvaning ekspansionizmi va revizionizmini jilovlay olishini ko‘rsatdi, - dedi siyosatchi. - Litva Ukrainaning ittifoqqa a’zo bo‘lishini har doim olqishlab kelgan. Ukraina yevroatlantika hamjamiyatiga tegishli», dedi u.

Mavzuga oid