Yilda ikki marta - bahor va kuzda o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitishda samarali maydon sanaladi.

“UzCharmExpo-2022” Markaziy Osiyodagi charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasidir. 13-xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish maqsadida 450 ga yaqin mahalliy va 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning 70 dan ortiq kompaniyalari 5 000 ga yaqin mahsulot namunalari bilan ishtirok etishmoqda. Shuningdek, 2 500 yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari ko‘rgazmaga tashrif buyurish maqsadida ro‘yxatdan o‘tdi. Anjuman nafaqat O‘zbekiston hududlardagi ishlab chiqarish salohiyatini namoyish qiladi. Balki, ko‘plab mamlakatlarning soha mutaxassislari uchun muloqot maydoniga aylanmoqda.

Joriy yilgi anjuman ishtirokchilari geografiyasiga nazar tashlasak, unda Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston,Turkiya, Ispaniya, Vengriya, Rossiya, Belorus, Polsha, Latviya Xitoy kabi ko‘plab charm-poyabzal sanoati rivojlangan davlatlarning korxonalari va brendlarini ko‘rish mumkin. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, qator davlatlarning milliy uyushmalari, charm ishlab chiqaruvchilar, poyabzal va mo‘ynachilik kengashlari va tadbirkorlarni uchratasiz.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi charm, poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna va qorako‘l mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar, tashqi savdo vakolatxonalari va moda uylari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali 2022 yilda eksport hajmini 500 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 118,8 foizga ko‘pdir. Mahsulotlar eksporti dunyoning 42 dan ortiq mamlakatlarida amalga oshiriladi.

























