Mudhish yo‘l-transport hodisasida jabrlangan ikki nafar shaxs ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida davolanmoqda. Jabrlanuvchilardan biri avariya vaqtida Nexia-3 avtomobilining orqa qismida bo‘lgan yo‘lovchi bo‘lib, markaz neyroxirurgi Doniyor Isroilov ushbu bemorning holati haqida quyidagilarni ma’lum qildi.

“Bemor bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi bilan yotqizilgan. Markazimizda u kerakli barcha tekshiruvlardan o‘tkazilib, zarur davolash muolajalari tayinlangan. Nazoratda bo‘lgan davrda bemorda miya simptomlari ancha kamaygan. O‘zini yaxshi his qilmoqda”, deya Doniyor Isroilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Doniyor Isroilov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori, neyroxirurg Foto: Kun.uz

Shu o‘rinda qiziq bir holat. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 9 oktyabrda sodir bo‘lgan avariya haqida ma’lumot berarkan, hodisa oqibatida halok bo‘lganlarning biri Nexia-3 haydovchisi ekani haqida xabar bergandi. Buni ushbu yo‘l-transport hodisa haqida turli nashrlarda chiqqan xabarlar ham tasdiqlaydi.

Biroq surishtiruvlarimiz davomida bu ma’lumot noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘ldi. Avariyada halok bo‘lganlarning har ikkisi Nexia-3 yo‘lovchisi bo‘lib, hodisada og‘ir jarohat olgan haydovchi hozir shifoxonada davolanmoqda.

Jamshid Jabborov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori, jarroh Foto: Kun.uz

“Markazimizga olib kelingan vaqtda bemorda ko‘krak qafasi yopiq jarohati, 9 va 10-qovurg‘alar hamda bel umurtqasining sinishi, bosh miya chayqalishi aniqlangan. Shu tashxislar bilan bemor shifoxonamizga yotqizilgan. Hozirgi kunda u kerakli muolajalarni olmoqda. Ahvoli qoniqarli. Bemorning hayotiga xavf soluvchi omillar yo‘q”, deydi Jamshid Jabborov.