08:26 / 13.10.2022
9030

G7 moliya vazirlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etishini ma’lum qildi

«Katta yettilik» Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», - deya ma’lum qildi Vashingtondagi vazirlar yig‘ilishi ishtirokchilari. Ular Rossiyani Ukrainaga qarshi «adolatsiz va shafqatsiz urush»ni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: Shutterstock

«Katta yettilik» mamlakatlari moliya vazirlari Kiyevni Rossiyaning ushbu mamlakatga harbiy tajovuzkorligi munosabati bilan uzoq muddatli yordam davom ettirilishiga ishontirdi. 12 oktyabr, chorshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng moliya idoralari rahbarlari: «Katta yettilik» Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», deb ma’lum qildi. «Katta yettilik» mamlakatlari vakillari Ukrainaga qisqa muddatli moliyalashtirish ehtiyojlarini qondirishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi, deb yozadi AFP agentligi.

Moliyaviy G7 Rossiyani Ukrainaga qarshi «adolatsiz va shafqatsiz urush»ni zudlik bilan tugatishga chaqirdi. Vazirlar, shuningdek, Rossiya nefti narxini cheklash masalasida «katta muvaffaqiyatga erishganliklarini» va Avstraliyaning bu vazifada ishtirok etishini olqishladilar. Taxminlarga ko‘ra, bunday chora Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklaydi. Rossiyadan neftga narx chegarasining joriy etilishiga jahon energiya narxlari o‘sishini jilovlash yo‘llaridan biri sifatida qaralmoqda.

Vashingtonda «Katta yettilik» mamlakatlari moliya vazirlari va markaziy banklari rahbarlarining uchrashuvi Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki boshqaruv organlarining kuzgi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Hozirda G7'ga Germaniya raislik qilmoqda.

Rossiya nefti narxining maksimal chegarasi Yevropa ittifoqi tomonidan 6 oktyabrda tasdiqlangan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning sakkizinchi paketida ko‘zda tutilgan. 2022 yil dekabridan Rossiya neftini, 2023 yil fevralidan esa Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini uchinchi davlatlarga tashishga taqiq kuchga kiradi. Shuningdek, Rossiyadan neft bilan bog‘liq moliyaviy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlanadi.

Yevropa operatorlariga Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini uchinchi davlatlarga faqat belgilanganidan past narxda sotib olingan taqdirdagina tashishga ruxsat beriladi. U aniq qanday bo‘lishi kerakligi keyinroq aniqlanadi.

Sakkizinchi paketga, shuningdek, Rossiyadan jami 7 milliard yevrolik tovarlar, jumladan, tayyor po‘lat mahsulotlari, mashinalar, transport vositalari, ayrim kimyoviy moddalar, kiyim-kechak, charm, keramika va zargarlik buyumlari importini taqiqlash ham kiritilgan. Yangi sanksiyalar Yevropa ittifoqi fuqarolariga Rossiya davlat korxonalarida yuqori lavozimlarni egallashni ham taqiqlaydi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top