17:55 / 13.10.2022
7891

O‘zbekiston va Eron fuqarolari qay tartibda yengillashtirilgan viza olishi tushuntirildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ikki mamlakat tadbirkorlari 6 oygacha muddatga, ilmiy doira vakillari va sayyohlar esa 1 oygacha bo‘lgan muddatga yengillashtirilgan tartibda viza olishi mumkin.

Foto: The Qazaq Times

13 oktyabrdan O‘zbekiston va Eron hukumatlari viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Mazkur hujjat Eron prezidentining 14-16 sentabr kunlari Samarqandga tashrifi doirasida imzolangan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobiljonov ikki mamlakat ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari, sayyohlik guruhlari uchun viza berish tartib-taomillari yuzasidan izoh berdi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, turistik guruhlari uchun viza berishning soddalashtirilgan tartibini joriy qiladi. Bunda:

- «ishbilarmon doiralar vakillari» – bir davlatning (O‘zbekiston yoki Eron nazarda tutilmoqda) boshqa tomon hududida investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolari;

- «ilmiy doiralar vakillari» — bir davlatning (O‘zbekiston yoki Eron nazarda tutilmoqda) boshqa davlat hududida fan va ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi fuqarolari;

- «turistik guruh» — bir davlatning (O‘zbekiston yoki Eron nazarda tutilmoqda) bir vaqtning o‘zida boshqa davlat hududiga turistik maqsadlarda kiruvchi 5 (besh)dan 20 (yigirma) kishigacha bo‘lgan fuqarolari tushuniladi.

Ikki davlat vakolatli organlari ishtirokchi davlatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni olgandan so‘ng, ularni 3 (uch) ish kuni ichida (hujjat olingan kundan tashqari) ko‘rib chiqadi va hujjatlar ma’qullangan taqdirda viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradi.

Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari quyidagi vizalarni taqdim etadi:

- bir tomon davlatining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ishbilarmon doiralari vakillari uchun amal qilish muddati 6 (olti) oygacha bo‘lgan ko‘p martalik kirish vizasi;

- bir tomon davlatining fan va ilmiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ilmiy doiralar vakillari uchun 1 (bir) oygacha amal qiladigan viza;

- bir tomon davlatining turist sifatida, turistlar guruhlari tarkibida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi fuqarolari uchun 30 (o‘ttiz) kungacha bo‘lgan turistik viza.

O‘zbekiston TIV rasmiysining ma’lum qilishicha, alohida hollarda, agar qo‘shimcha ko‘rib chiqish talab etilsa, viza berish muddati 10 (o‘n) kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top