Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
«Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilib, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda», dedi prezident.
O‘z nutqida prezident Afg‘onistondagi vaziyatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakligini ta’kidladi: «Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda. Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur. Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim.
Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining BMT Bosh assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz», dedi O‘zbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelayotganiga ham e’tibor qaratdi: «Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak.

















