Kun.uz Namangan shahrida fuqaroning yashash xonadoniga taqab metan-stansiya qurilayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Navbatdagi maqolamiz uning mantiqiy davomi bo‘lib, unda loyihaning qonunlarga qanchalik mosligi va viloyat hokimining qudasi bo‘lgan tadbirkorga bog‘liqligi haqida so‘z yuritamiz.

Oldinga o‘tib aytish mumkinki, bu material ham Namangan viloyati kattalarining himoyasini “kafillikka olgan” trollar va “advokat” blogerlarga ancha ish bo‘lishi aniq. Bu gal metan stansiyasining qurilishi me’yorlarga mos kelmayotgani, shu bois ham undagi qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgani haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, bu stansiyaning viloyatdagi ko‘plab AGTKSlar egasi bo‘lgan, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi Qudrat Abdullayevga qay darajada aloqador ekaniga fakt va dalillar bilan to‘xtalamiz.

Dastlabki maqoladan so‘ng Kun.uz muxbirlari masalaga daxldor tashkilotlar taklifi bilan AGTKS qurilishi uchun qanday asosga ko‘ra ruxsat berilgani haqida aniqroq ma’lumot olish uchun yana Namanganda bo‘ldi.

Surishtiruv davomida “SD SERVIS CENTER” MChJ (metan-shoxobchaga egalik qiluvchi korxona) yuristi Lazizxo‘ja Turg‘unov qurilayotgan avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyasining tegishli uskunalari me’yoriy hujjatlarga, shaharsozlik norma-qoidalariga asosan “ma’lum talablar bo‘yicha o‘rnatilganida” aholi turar joyidan 25 metr uzoqlikda bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Bundan tashqari “SD SERVIS CENTER” MChJ yuristi va mutasaddilari mazkur obektga Qudratboy Abdullayevning umuman aloqasi yo‘qligini zo‘r berib isbotlashga urindilar.

Biroq mazkur stansiyada aholi xonadoni va akkumulyator bloklari o‘rtasidagi masofa bor-yo‘g‘i 22 metrni tashkil qilmoqda. Bir narsa aniq: mutasaddilar har doimgidek muammoni joyiga borib o‘rganmasdan xulosa berishgan.