«Afsuski, harbiy komissariat Korkino harbiy komissarligidan yuborilgan besh nafar janubiy urallik halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Halok bo‘lgan askarlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga barcha zarur yordamni ko‘rsatamiz», — deyiladi oblast ma’muriyati matbuot xizmati bayonotida.
Chelyabinsk oblasti ma’muriyati qurbonlarning qarindoshlariga federal to‘lovlardan tashqari har biriga bir million rubldan mablag‘ ajratishga ham va’da bergan.
Sentyabr oyi oxiridan beri safarbar qilingan o‘nlab rossiyaliklar jangovar hududlarga yetib bormasdanoq halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Frontdagi safarbar qilinganlarning o‘limi haqidagi ilk xabarlar esa shu hafta boshida paydo bo‘la boshladi, biroq hukumat ularga izoh bermadi.
10 oktyabr kuni «Vecherniy Karpinsk» nashri sentabr oyi oxirida safarbar qilingan Karpinsk (Sverdlovsk oblasti) shahri aholisining uch vakili Xerson yaqinida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
«It’s My City» nashri esa Sverdlovsk oblastining Krasnoturinsk shahridan bo‘lgan, 28 sentabr kuni safarbar qilingan Yevgeniy Bizyayevning o‘limi haqida yozdi.
Huquq himoyachisi Pavel Chikov 12 oktyabr kuni urushga safarbar qilingan rossiyalik birinchi advokat, peterburglik Andrey Nikiforov Ukrainada halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, advokat 25 sentabr kuni safarbar qilingan va Lisichansk shahri (Luhansk oblasti, hozirda Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida) yaqinida halok bo‘lgan.
Safarbar qilingan rossiyaliklar o‘limi sabablari noma’lum. 29 sentabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlarni frontga jo‘natmaslikka va’da bergan edi.
BBC muharriri Ilya Abishev nega safarbar qilinganlar bunchalik tez frontga yuborilayotganiga izoh berdi:
«Zaxiradan chaqirilgan harbiy xizmatchilar zudlik bilan jangovar hududga jo‘natilayotganining ikki asosiy sababi bor:
Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo‘shinlari jiddiy shaxsiy tarkib yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu keng miqyosli jangovar harakatlarni amalga oshirish uchun boshidanoq yetarli tirik kuchlar to‘planmagani va ko‘rilgan yo‘qotishlar: halok bo‘lganlar, yaradorlar, kasallar, mahbuslar va dezertirlar bilan bog‘liq.
Ko‘plab bo‘linmalarning shtatlari me’yordan ancha kam va Ukraina armiyasi tashabbusga ega bo‘lgan sharoitda Rossiya qo‘mondonligi zaxiradagilarni tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflay olmaydi. Shu sabab ba’zida ular safarbar qilinganlarni xavfli yo‘nalishlarga darhol tashlashi kerak bo‘lmoqda.
















