O‘zbekiston | 07:22 / 17.10.2022
3344
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda III «Naqshbandiya» turizm festivali o‘tkaziladi

Malayziyadagi Jahon so‘fiylar markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Buxoro viloyati hokimligi delegatsiyasining Malayziyaga tashrifi doirasida Jahon so‘fiylar markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Jahon so‘fiylar markazi 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan nodavlat tashkiloti hisoblanadi.

Naqshbandiya - so‘fiylar tariqati bo‘lib, uning asoschisi, Buxoroda yashagan, islom rivojida muhim o‘rin tutgan olimlardan biri -  Bahouddin Naqshband (1318-1389) nomi bilan ataladi. Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va Xitoy Naqshbandiya ta’limoti tarafdorlari asosiy markazlari hisoblanadi. Dunyoda bu ta’limotning 60 milliondan ortiq izdoshlari bor. Malayziyada ushbu tariqat vakillari soni 250 ming kishini tashkil qiladi.

Jahon so‘fiylar markazi (World Sufi Center) bosh kotibi Abdul Karim bin Said Xadaid bilan kechgan muloqotda O‘zbekistonda ziyorat turizmi imkoniyatlarini targ‘ib qilish, respublikaga malayziyalik ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Suhbatdosh O‘zbekiston haqli ravishda dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilarni o‘ziga jalb etuvchi maskan ekanini, biroq arzon narxlarda muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘qligi mamlakatga kelayotgan sayyohlar soni o‘sishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.

Muzokaralar natijasida joriy yil noyabr oyi boshida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan «Ziyorat turizmi haftaligi»da ishtirok etish, 2023 yil boshida Buxoro shahrida III «Naqshbandiya» turizm festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Termiz shaharlaridagi ziyoratgohlarni ko‘rish uchun Malayziyadan sayyohlarni jalb etish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid