O‘zbekiston | 17:56 / 17.10.2022
7090
2 daqiqa o‘qiladi

«Maktablarda aslida ishlamaydigan xodimlarga ish haqi hisoblangan, mablag‘lar o‘zlashtirilgani aniqlandi» – XTV

Xalq ta’limi vazirligi ichki audit xizmati o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 12,1 mlrd so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlangan.

Foto: Burhon Ahmedov, XTV Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i

17 oktabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 2022 yilning o‘tgan 9 oyi davomida o‘tkazilgan kompleks audit tadbirlari natijasida 609 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga erishilgani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, tizimdagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan 619 ta nazorat tadbirlarida 64,8 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzilish (shundan, 12,1 mlrd so‘mlik o‘zlashtirish) holatlari aniqlangan.

Jumladan, ta’lim muassasalarda aslida ishlamaydigan xodimlarga ish haqi hisoblab yozish va ishlovchi xodimlarning oylik maoshlariga qo‘shib yozish yo‘li bilan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 836,5 mln so‘m, Dehqonobod tumanida 243,8 mln so‘m, Koson tumanida 233,2 mln so‘m, Mirishkor tumanida 111,1 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani ochiqlandi.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 64,7 mlrd so‘mlik o‘rganish materiallari vakolatli organlarga taqdim etilgan.

Hisobot davrida moliyaviy qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi uchun tizimdagi 285 nafar mas’ul shaxs intizomiy jazoga tortilgan. Chunonchi, 201 nafar mas’ul xodimga nisbatan hayfsan e’lon qilingan bo‘lsa,

61 nafari jarimaga tortilgan, 23 nafar mas’ul xodim esa lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan joriy yil 1-10 oktyabr kunlari fuqarolar ishtirokidagi audit tizimida nazorat obektlarini tanlash jarayoni o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, Davlat audit tizimida 107 nafar fuqaro tomonidan 53 ta nazorat obekti uchun ovoz berilib, shundan eng ko‘p marotaba tanlangan 3 ta obektda noyabr oyida o‘rganish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid