Jahon | 17:54 / 17.10.2022
5859
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainadagi urush tufayli Eronga qarshi sanksiyalar joriy qilishni rejalashtirmoqda

Yevropa ittifoqi kengashi yig‘ilishi boshlanishidan oldin uning ishtirokchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumlarida Eron uchuvchisiz uchoqlaridan foydalanilgani haqidagi taxminlarga keskin javob berish zarurligini ta’kidladilar.

Foto: Reuters

Yevropa ittifoqining qator davlatlari tashqi ishlar vazirlari Eronning Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlariga aloqadorligi, xususan, Ukraina nishonlariga zarba berish uchun Eron kamikadze-dronlaridan foydalangani tasdiqlansa, Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga chaqirdi. 17 oktyabr, dushanba kuni Lyuksemburgda Avstriya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shellenberg Rossiyaning Ukraina hududiga hujumlarida Eron dronlaridan har qanday foydalanish harbiy mojaroning yanada kuchayishini anglatishini bildirdi.

Eronning Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishi aslida Tehronning Rossiya Federatsiyasi tomonidan boshlangan Ukrainadagi urushni faol qo‘llab-quvvatlashini anglatadi, deya qo‘shimcha qildi u Yevropa ittifoqi kengashi yig‘ilishi boshlanishidan oldin.

Daniya tashqi ishlar vaziri Yyeppe Kofod Yevropa ittifoqini ertalab Kiyevga tirbandlik vaqtida markaziy temiryo‘l vokzali yaqinidagi binolarga berilgan yangi havo hujumlariga qat’iy javob qaytarishga chaqirdi. «Biz hozir ko‘rayotganimiz shuki, Eron dronlari Kiyev markazida hujum uyushtirish uchun foydalanilmoqda, bu vahshiylik», — dedi u. Kofodga ko‘ra, Yevropa ittifoqi Tehronning harakatlariga javoban «aniq qadamlar» qo‘yishi kerak.

Eronga qarshi yangi sanksiyalar bu davlatning Ukrainadagi hujumlarga aloqadorligi tasdiqlansa, ayrim shaxslarni qora ro‘yxatga kiritish bilan cheklanib qolmaydi, dedi Lyuksemburg tashqi ishlar vaziri Jan Asselborn. 

O‘z navbatida, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryussel Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutishida Tehron ishtiroki bo‘yicha aniq dalillar izlash niyatida ekani haqida ogohlantirdi. Shuningdek, u Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning Yevropa ittifoqi kengashi yig‘ilishida ishtirok etishini aytdi. 

Bundan tashqari, YeI sentabr oyida Eronda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlangan ommaviy namoyishlarning qattiq bostirilishi munosabati bilan sanksiyalar joriy etish niyatida. 

Ukraina rasmiylarining aytishicha, so‘nggi haftalarda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 dronlari yordamida Rossiya ketma-ket o‘qqa tutishi davom etgan. Bu hujumlarning oxirgisi 17 oktyabr kuni ertalab Kiyevda amalga oshirilgan, natijada bir necha turar joy binolari zarar ko‘rgan va kamida uch kishi halok bo‘lgan. Eron o‘zining uchuvchisiz uchoqlari Rossiyaga yetkazib berilganini rad etadi, Kreml esa bu ma’lumotga izoh bermayapti. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid