Jahon | 14:48 / 19.10.2022
11453
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Ukrainaga qurol yetkazib berishdan yana bosh tortdi

Isroil mudofaa vaziri Beni Gans Ukrainaga harbiy yordam berishni yana bir bor rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatmoqda, kelajakda ham bu yo‘nalishga amal qilish niyatida.

Foto: Getty Images

Eron jangovar uchuvchisiz uchoqlari yordamida Rossiyaning Ukraina hududiga hujumlari to‘lqiniga qaramay, Isroil hali ham Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni rad etmoqda. Isroil mudofaa vaziri Beni Gans 18 oktyabr, seshanba kuni kechqurun Isroilning Kol Chai radiostansiyasi efirida: «Biz Ukrainaga qurol sotmasligimizni aniq aytmoqchiman» dedi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat Ukrainaga faqat tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatadi hamda bundan keyin ham bu bilan cheklanadi. 

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni so‘rash niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. «Eron Isroil uchun qizil chiziqdir va Eron Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatiga bevosita sherik bo‘lganidan so‘ng, menimcha, Isroilda Ukrainaga yordam berish yoki yordam bermaslik borasida shubhasi bo‘lgan hech kim qolmaydi. Bu shubhalarni yo‘qqa chiqarish kerak», dedi u brifingda. 

Ukraina rasmiylari Rossiyani so‘nggi haftalarda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 dronlaridan foydalangan holda Ukraina energetika infratuzilmasini o‘qqa tutishda ayblamoqda. Kiyevga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Rossiya hujumlari oqibatida 70 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Eron Rossiyaga o‘zining dronlari yetkazib berilayotganini rad etdi, Rossiya esa bu ma’lumotga izoh bermayapti.

Shu bilan birga, Ukraina hukumati Eron uchuvchisiz uchoqlarini yetkazib berish kengaytirilganini e’lon qildi: ularning birinchi partiyasi 300 dona, ikkinchi partiyasiga 2400 ta dron kiradi, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich. Unga ko‘ra, Rossiya 2-3 oy davomida dronlardan foydalangan holda Ukrainaga hozirgi sur’atda hujum qilishi mumkin. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi qariyb sakkiz oydan beri davom etayotgan keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Isroil Kiyevga harbiy yordam berishdan bosh tortmoqda. Ayni paytda, bir necha kun avval diaspora ishlari bo‘yicha vazir Nahman Shay Eronning Rossiyaga harbiy yuk yetkazib berishi fonida bu pozitsiyani o‘zgartirishga chaqirdi. 

Mavzuga oid