O‘tgan asrning 70-80-yillarida «yapon mahsuloti» deyilganda sifat jihatdan mukammal bo‘lgan turli buyumlar va texnikalar tushunilardi. O‘sha paytlarda boshqa sohalar kabi Yaponiyaning turli kompaniyalari yuqori texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy mototsikllar va avtomobillar ishlab chiqarardi. Ular orasida Honda Motor Co., Ltd kompaniyasi ham bor edi.

Honda ilk tashkil etilganda asosan mototsikllar ishlab chiqargan. Uning mototsikllari kompaniya nomini dunyoga mashhur qilgach, Honda avtomobillar ishlab chiqara boshlaydi.

Kompaniya ishlab chiqargan mototsikllar va avtomobillariga dunyo bo‘ylab qiziqish kuchli edi va ular muvaffaqiyat bilan sotilardi. Jumladan, 1960-yillar boshiga kelib Honda jahondagi eng ko‘p mototsikl ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylanadi. Kompaniya hanuzgacha bu maveini saqlab kelmoqda.

Kompaniyaga 1948 yilda Soitiro Honda va Takeo Fudzisava asos solgan va u hanuzgacha dunyo avtosanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelmoqda. Bugun dunyoning 20ga yaqin davlatlarida Honda zavodlari bor va ulardan 200 mingdan oshiq odam ishlamoqda.

Foto: globallookpress.com

Soitiro Honda

Soitiro Honda 1906 yilda Xonsyu orolida joylashgan Xammatsu shaharchasida, kambag‘al temirchi oilasida tug‘iladi. Soitironing yoshligi aynan avtomobilsozlik endi rivojlanayotgan davrlarga to‘g‘ri kelgani uchun u avtomexanikaga juda qiziqadi.

Honda 15 yoshida uydan chiqib ketadi va Tokioga borib, u yerdagi ustaxonalardan birida avtomexanik yordamchisi bo‘lib ishlay boshlaydi. 1923 yilda Tokioda kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Shundan so‘ng ko‘plab ustalar vayron bo‘lgan uylarini tiklash uchun band bo‘lishadi.

Ana shunda Honda ilk marta o‘zi mustaqil holda mashina ta’mirlash imkoniyatiga ega bo‘ladi va bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tadi. 1928 yilda Honda ilk patentini qo‘lga kiritadi.

O‘shangacha mashinalarning g‘ildiragi yog‘ochdan yasalgan bo‘lsa, Honda ilk marta metal simlardan foydalanadi va buni patentlashtirib qo‘yadi (Honda faoliyati davomida 150 ta patent olgan).

1928 yilda Honda o‘zi tug‘ilgan shaharchaga qaytib keladi. U yerda Tokioda ishlagan ustaxonasining filialini ochadi va bir necha yil avtomobillarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.