Jahon | 07:44 / 24.10.2022
14200
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Shoyguning «bomba» haqidagi so‘zlarini «xavfli yolg‘on» deb atadi

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Kiyevga nisbatan Ukrainada «bomba»ni portlatish rejalarida ayblaganini «xavfli yolg‘on» deb atadi. 

Dmitro Kuleba / Foto: Reuters

«Rossiyaning Ukraina go‘yoki bombadan foydalanishni rejalashtirayotgani haqidagi yolg‘onlari bema’nilik bilan bir qatorda, xavfli hamdir. Birinchidan, Ukraina yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma ishtirokchisi hisoblanadi va unga sodiqdir: bizda «bombalar» yo‘q. Ikkinchidan, ruslar ko‘pincha o‘zlari rejalashtirgan narsada boshqalarni ayblaydilar», deb yozadi Kuleba.

Bundan oldin Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni so‘rash niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. 

«Eron Isroil uchun qizil chiziqdir va Eron Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatiga bevosita sherik bo‘lganidan so‘ng, menimcha, Isroilda Ukrainaga yordam berish yoki yordam bermaslik borasida shubhasi bo‘lgan hech kim qolmaydi. Bu shubhalarni yo‘qqa chiqarish kerak», dedi u brifingda. 

Ukraina rasmiylari Rossiyani so‘nggi haftalarda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 dronlaridan foydalangan holda Ukraina energetika infratuzilmasini o‘qqa tutishda ayblamoqda. 

Kiyevga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Rossiya hujumlari oqibatida 70 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Eron Rossiyaga o‘zining dronlari yetkazib berilayotganini rad etdi, Rossiya esa bu ma’lumotga izoh bermayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid