O‘zbekiston | 13:31 / 24.10.2022
2522
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha ochiq ma’lumotlar geoportali ishga tushiriladi

Vazirlar Mahkamasining «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar hisobini yuritishda shaffoflikni ta’minlash, kadastr sohasidagi ayrim ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat reyestridagi ochiq ma’lumotlarni Milliy geografik axborot tizimi orqali taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Unda quyidagilar belgilangan: ochiq ma’lumotlarni davlat boshqaruvi organlari, jismoniy shaxslar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarga taqdim etish tartibi; ochiq ma’lumotlarni taqdim etish shartlari va muddatlari; ochiq ma’lumotlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi; ommaviy geoportal operatori vazifalari.

Kadastr agentligi Milliy geoaxborot tizimida ochiq ma’lumotlar asosida ommaviy geoportalni yuritadi, u 2023 yil 1 yanvarga qadar ishga tushiriladi. 

Ko‘chmas mulk obektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash ishlari faqat axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi. Davlat kadastrlarini yurituvchi vakolatli organlar 2022 yil oxiriga qadar o‘z ma’lumotlar bazalari axborot tizimiga to‘liq integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

2024 yil 1 yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari amalda foydalanib kelayotgan, biroq yer ajratish haqida qaror qabul qilinmagan yer uchastkalarini rasmiylashtirish ishlarini yakunlashi kerak.

Malaka shahodatnomasiga ega bo‘lgan kadastr muhandislari axborot tizimidan foydalanilgani uchun har oyda 1 BHM miqdorida to‘lovni amalga oshiradi.

Ochiq ma’lumotlar ommaviy geoportal orqali davlat boshqaruvi organlariga bepul, jismoniy shaxslar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarga esa to‘lov evaziga taqdim etiladi.

Foydalanuvchilar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat reyestridagi yer uchastkasi kadastr raqami, uning manzili va undan foydalanish maqsadi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bepul olishi mumkin.

Mavzuga oid