Sentabr oyi boshida Xarkiv viloyatining Balakliya shahridan chekinayotgan rossiyalik harbiylar o‘zlarining sobiq bosh qarorgohida «minglab» sahifali hujjatlarni qoldirishdi, deb xabar bermoqda Reuters. Agentlik xodimlari ushbu hujjatlarni o‘qib chiqdilar va natijada nima o‘rganganlari haqida batafsil maqola chop etishdi.
Ko‘rib chiqilgan hujjatlar orasida RF Qurolli kuchlari noma’lum ofitserining frontdagi vaziyatni tasvirlaydigan daftarlari, shuningdek, suhbatlar yozuvlari, komandirlarning yozma hisobotlari va rus bo‘linmalarining koordinatalari mavjud. Reuters jurnalistlari Ukraina sharqidagi ishg‘ol qilingan aholi punktlaridagi ushbu manzillarga borib, ma’lumotlarning haqiqiyligini tekshirishdi – mahalliy aholi Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari va rossiyaparast ayirmachilar haqiqatan ham u yerda joylashganini tasdiqlashdi.
O‘rganilgan hujjatlarga ko‘ra, Balakliyadagi rus qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Ivan Popov bo‘lib, u ilgari Checheniston va Gruziyada jang qilgan. Balakliya guruhining boshqa yuqori martabali ofitserlari singari, Popov Boltiq flotining 11-armiya korpusida xizmat qiladi. Uning rafiqasi Reuters agentligiga Ukrainadagi janglarda u yaralangani va bir oy kasalxonada yotganini, shundan so‘ng general unvoniga ega bo‘lganini aytdi.
Hujjatlarda, shuningdek, Balakliya harbiy komendanti «V. Granit» haqida eslatib o‘tiladi - agentlik bu taxallus deb hisoblaydi (iyun oyida u Xarkiv Korrupsiyaga qarshi kurash markazi tomonidan «Balakliyaning okkupatsion hokimiyati: tafsilotlar» materialida tilga olingan). Agentlikning yozishicha, hibsga olingan mahalliy aholining qarindoshlari «Granit»dan ularni qo‘yib yuborishni bir necha bor so‘ragan, biroq har safar rad javobi berilgan. Xarkiv politsiyasi Balakliya politsiya bo‘limi binosida «qiynoqqa solinadigan xona» tashkil etilganini, u yerda mahbuslarning ko‘rsatmalari kaltaklar orqali olinganini aniqladi.
Balakliyadagi RF Qurolli kuchlarining qo‘mondonlik punkti sobiq avtoulovlarni ta’mirlash ustaxonasida jihozlangan. 6-8 sentabr kunlari shaharni deokkupatsiya qilish paytida Ukraina Qurolli kuchlari binoga bir necha maqsadli zarbalar berib, uning yer qismini vayron qilgan. Ayni paytda o‘nlab rossiyalik harbiylar halok bo‘ldi, deb yozadi agentlik. Hujjatlar zobitlar yig‘ilish o‘tkazgan yerto‘ladan topilgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, rus harbiylarini evakuatsiya qilish «tartibsiz» kechgan. Shahardan chiqish joyida tirbandlik yuzaga kelgan.
Balakliyada tashlab ketilgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, iyul oyi oxirida Ukrainaning qarshi hujumi kutilgan, deb yozadi Reuters. 19 iyul kuni rus zobiti o‘z eslatmalarida Xarkiv viloyatidagi Grakovo shahri uchun janglar haqida gapirgan, uni ruslar faqat katta yo‘qotishlar evaziga yutishga muvaffaq bo‘lishdi. 21 iyul kuni Popov FXXdan Ukraina Balakliya viloyatiga uchta HIMARS raketasini yetkazgani, shuningdek, qo‘mondonlik punkti va to‘rtta omborxona joylashganligi haqida xabar oldi.
















