15:50 / 28.10.2022
5002

Rossiyaliklarning antidepressantlarga xarajati yil davomida 70 foizga oshdi

Yanvardan sentabrgacha rossiyaliklar antidepressantlarga 5 milliard rubl sarfladi, bu 2021 yilga nisbatan 70 foizga ko‘p, deya xabar beradi Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi. 

Foto: AP

2022 yilning yanvar-sentabr oylarida Rossiyada antidepressantlarga sarflangan mablag‘ 5 milliard rublga yetdi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 70 foizga ko‘p. Dori qadoqlarida o‘sish 48 foizni tashkil etdi: rossiyaliklar to‘qqiz oy ichida 8,4 million qadoq antidepressant sotib oldi. Bu haqda 28 oktyabr, juma kuni Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi ma’lumotlariga tayanib, TASS xabar berdi

Markazning ta’kidlashicha, depressiyani davolash uchun dori vositalari oqimi 32 foizga oshgan. Ular chet eldan 42 foizga ko‘proq import qilingan. Mahalliy antidepressantlar ishlab chiqarish ham o‘sdi - 2021 yilning shu davriga nisbatan 24 foizga. Bunday dori-darmonlarga bo‘lgan talabning eng yuqori darajasi Moskva, Sankt-Peterburg, Moskva viloyati, Kareliya va Rostov viloyatida qayd etilgan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlantiruvchi vositalarni iste’mol qilish 2021 yilning birinchi to‘qqiz oyi bilan solishtirganda sotilgan qadoqlar soni bo‘yicha 44 foizga va xarajatlarda 56 foizga oshgan. Ushbu dorilar Pskov, Tambov, Lipetsk va Smolensk viloyatlarida eng faol sotib olingan. Bunday dorilar importi 12 foizga kamaydi, Rossiyada ishlab chiqarish esa 21 foizga oshdi. Natijada ularning bozordagi hajmi 15 foizga ortdi.

Agar sotuvlar sur’ati bir xil darajada qolsa, antidepressantlarning zaxiralari 2023 yil aprelgacha, tinchlantiruvchi vositalar esa mart oyigacha yetadi, deya taxmin qilgan Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi mutaxassislari. 

Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishining deyarli boshidanoq Rossiya bozorida antidepressantlar va tinchlantiruvchi vositalar sotuvining keskin o‘sishi qayd etilgan. Shunday qilib, 28 fevraldan 6 martgacha, DSM Group agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, antidepressantlarga bo‘lgan talab uch baravar oshdi va xarajatlar taxminan 526 million rublni tashkil etdi - o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,4 baravar ko‘p. 

Iyul oyida tahlil kompaniyalari Rossiyada 2022 yilning olti oyida antidepressantlar, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilning yanvaridan iyuniga nisbatan 52-66 foizga ko‘proq sotib olingani va unga 77-87 foizga ko‘proq pul sarflanganini ma’lum qildi. «Odamlar Ukrainadagi qarindoshlari va ularning kelajagi haqida qayg‘urmoqda», - dedi RNC Pharma rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Bespalov o‘zgarishlar haqida. 

Top