Imkoniyati cheklangan tushunchasi nisbiy, nazarimda. Insonning miyasi ishlab, yuragi urib turar ekan, uning imkoniyatini cheklab bo‘lmaydi. Braziliyalik 17 yashar Vitoriya ham atrofdagilar nazdida imkoniyati cheklangan edi...
Bola qo‘lsiz tug‘iladi
Bueno homiladorlik paytida genetik anomaliya haqida ogohlantirilgan. Genetik anomaliya - gen va xromosoma mutatsiyalari natijasida vujudga keladigan morfofunksional buzilish. Gen mutatsiyalari ontogenezning turli bosqichlarida organlar va to‘qimalar morfogenezini buzishi mumkin. Hujayralardagi xromosomalar soni yoki ularning tuzilishi o‘zgarishi odatda embrion rivojlanishining to‘xtashiga yoki jiddiy nuqsonlari bo‘lgan shaxsning tug‘ilishiga, reproduktiv funksiyalar buzilishiga olib keladi.
Ayol hammasini taqdir izmiga topshiradi. Agar tug‘ilishi kerak bo‘lsa, uni bor nuqsoni bilan qabul qilishini, nima bo‘lgan taqdirda ham farzandiga mehr berib katta qilishini aytadi. Lekin vujudida urib turgan mitti yurakchadan voz kechmaydi.
“Uyimiz yonida g‘alati odamlar tez-tez yig‘ilib, qizim bilan sayrga chiqishimni kutishardi. U ular uchun sirk maymuniga o‘xshardi, hatto yengini ochib ko‘radiganlar ham bo‘lardi”, deb eslaydi Vanda Bueno
Vitoriyaning onasi hech kimga e’tibor bermasdan, qizini mehr bilan katta qiladi. Farzandi besh yoshga kirganda fizioterapevt uning raqs bilan shug‘ullanishini maslahat beradi. Vitoriya ko‘plab raqs turlariga qatnashib, o‘zini sinab ko‘radi va baletda to‘xtaladi.
Hadik va xavotir
Bolasi chaqaloqligidanoq ko‘pchilik tomonidan masxara qilingan Bueno Vitoriyaning kattalar va bolalar tomonidan qanday qabul qilinishidan xavotirga tushadi. Shunday bo‘lsa-da, farzandini uyda, odamlardan panada asramaydi. Bueno besh yoshli qizini balet sinfiga olib keladi.

Qizaloqning iste’dodi uni ijtimoiy tarmoq yulduziga aylantiradi va ko‘pchilik uchun u ilhom manbai, irodaning jonli timsoli hisoblanadi.
Qo‘llari yo‘qligiga qaramay, jamoaviy chiqishlar paytida u sheriklari bilan hamohang tarzda harakat qiladi, shuning uchun uning qo‘llari yo‘qligini butunlay unutishingiz mumkin.

Raqs orqali olingan kuch va moslashuvchanlik nafaqat orzuni ro‘yobga chiqarish, balki tishlarini cho‘tkalashdan tortib, oyoqlari bilan supermarketlar javonidan narsalarni tanlashgacha bo‘lgan hamma narsani bajaradigan Vitoriya Bueno uchun juda muhim ekanligini isbotladi.
























